Tramp G‘azodagi ocharchilikka barham berish uchun reja tuzyapti – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp G‘azo sektorida ocharchilikka qarshi kurashish bo‘yicha reja ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy rahbari bugun, 1 avgust kuni “Axios” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH G‘azoga yordam berish niyatida va mamlakat rasmiylari sektordagilarning oziq-ovqat olishini xohlaydi. 

“Biz odamlarga, ularning yashashiga yordam bermoqchimiz. Biz odamlar oziq-ovqat olishini istaymiz. Bu narsa allaqachon amalga oshirilishi kerak edi”, degan Amerika rahbari. 

Mazkur nashrning yozishicha, Tramp G‘azodagi ocharchilik haqidagi xabarlardan xavotirga tushganini bildirgan va Falastin harakati HAMASni G‘azoga yuborilgan gumanitar yordamni o‘g‘irlab, keyin sotishda ayblagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 mart kunidan boshlab G‘azo sektoriga xalqaro gumanitar yordam yetib bormayapti. Isroil qaroriga ko‘ra, barcha chegara nazorat punktlari yopiq qolmoqda. Hozirda oziq-ovqatni tarqatish Isroil va AQSH nazoratidagi G‘azo gumanitar yordami fondi orqali amalga oshirilmoqda.

HAMASning da’vo qilishicha, “yordamning katta qismi xavfli, ilgari evakuatsiya qilingan hududlarga havo orqali tashlab yuborilmoqda, bu esa ushbu yetkazib berishlarni samarasiz qiladi va tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yadi”. 

2023 yilning 7 oktyabrida HAMAS Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan edi. Bu hujumdan so‘ng Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. Bu urush bahonasida G‘azo sektorida olib borilgan bombardimonlar va quruqlikdagi operatsiyalar oqibatida 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 130 mingdan ko‘proq kishi yaralandi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Falastin milliy ma’muriyati va Falastin ozodlik tashkilotiga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida xabar berilgandi. Sanksiyalarning asosiy sababi sifatida bu tashkilotlar “terrorchilikni qo‘llab-quvvatlayotgani” va Isroilning mavjudlik huquqini tan olmayotganini ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Falastin Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing