AQSH Falastin ma’muriyatiga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Olam
−
01 avgust 2025 3522 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Falastin milliy ma’muriyati (FMM) va Falastin ozodlik tashkilotiga (FOT) qarshi sanksiyalar kiritdi. AQSH Davlat departamenti kecha, 31 iyul kuni shu haqdagi bayonotni e’lon qildi.
Bayonotda sanksiyalarning asosiy sababi sifatida bu tashkilotlar “terrorchilikni qo‘llab-quvvatlayotgani” va Isroilning mavjudlik huquqini tan olmayotganini ko‘rsatilgan.
Qolaversa, AQSH FMM va FOTni 1989 va 2002 yillardagi AQSH bilan tuzilgan kelishuvlarga amal qilmayotganlikda ayblagan. Unga ko‘ra, Vashington ushbu tashkilotlar bilan faqat Isroilning mavjudligini tan olgan taqdirda muloqot qilishi mumkin. Shuningdek, ular BMT Xavfsizlik Kengashining 1967 va 1973 yillardagi urushlardan keyin qabul qilingan 242 va 338-rezolyutsiyalariga amal qilmagani uchun tanqid qilingan.
AQSH hukumatining fikricha, FMM va FOT xalqaro sudlarga murojaat qilib, Isroil bilan mojaroni hal qilishga urinmoqda. Davlat departamenti bu tashkilotlarni “zo‘ravonlikni targ‘ib qilish”da ayblagan. Yangi sanksiyalar doirasida FMM va FOT vakillariga AQSH vizasi berilmaydi.
FMM tashkiloti faqat Iordaniya daryosining G‘arbiy Sohilidagi ayrim hududlarni nazorat qiladi. Uning markazi Ramalloh shahri hisoblanadi. FMM raisi Mahmud Abbos ayni paytda FOTga ham rahbarlik qiladi.
FMM G‘azo sektoriga ham da’vogarlik qiladi, biroq u yerda 2007 yildan beri hukmronlik HAMAS guruhi qo‘lida.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 7 oktyabrida HAMAS guruhi Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan edi. Bu hujumdan so‘ng Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. Bu urush bahonasida G‘azo sektorida olib borilgan bombardimonlar va quruqlikdagi operatsiyalar oqibatida 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 130 mingdan ko‘proq kishi yaralandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi bugun, 1 avgust kuni G‘azoga borib, yordam tarqatiladigan joylarni ko‘zdan kechirishi va g‘azoliklar bilan uchrashishi haqida xabar berilgandi.