Tramp Eronga shart qo‘ydi
Olam
−
30 may 5363 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ehtimoliy kelishuv qanday shartlar asosida tuzilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Uning aytishicha, Tehron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligini kafolatlashi kerak. Shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi zudlik bilan ochilishi va har ikki yo‘nalishda kemalarning erkin harakati ta’minlanishi lozim.
Tramp ilgari surgan asosiy talablar:
- Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligini rasman tasdiqlashi kerak;
- Hormuz bo‘g‘ozidagi barcha dengiz minalari bartaraf etilishi lozim;
- Bo‘g‘ozda qolib ketgan kemalar erkin harakatlana olishi kerak;
- Eronning boyitilgan urani AQSH, Eron hukumati va Xalqaro atom energiyasi agentligi hamkorligida olib chiqilib, yo‘q qilinishi kerak;
- Alohida qaror qabul qilinmaguncha tomonlar o‘rtasida pul almashinuvi amalga oshirilmaydi.
“Muhimligi ancha past bo‘lgan boshqa masalalar allaqachon kelishib olingan. Endi yakuniy qaror qabul qilish uchun vaziyat xonasida yig‘ilish o‘tkazaman”, deb yozdi Tramp.
Avvalroq, OAV AQSH va Eron 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish memorandumi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi. Hujjatga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozidan kemalar boj va cheklovlarsiz harakatlanishi, Eron esa 30 kun ichida bo‘g‘ozdagi barcha minalarni olib tashlashi kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron hozirda taxminan 440 kilogramm yuqori darajada boyitilgan uranga ega. Bu zaxiralarning asosiy qismi Isfahon shahrida saqlanmoqda.
Live
Barchasi