Tramp Eron bilan hamkorlik qilayotganlarga 25 foizlik boj joriy qildi
Olam
−
13 yanvar 1973 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan hamkorlik qilishda davom etayotgan mamlakatlar mahsulotlariga nisbatan 25 foizlik bojlar kiritilishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampga ko‘ra, bu qaror darhol kuchga kiradi va Tehron bilan har qanday sohada hamkorlik qilayotgan davlatlarga taalluqli bo‘ladi.
Ma’lumki, bu choralar Eron hukumati ustidan maksimal bosim o‘tkazish, mamlakatni ittifoqchilarsiz qoldirish hamda iqtisodiyotni qulatish uchun amalga oshirilmoqda.
“Bloomberg” ma’lumotiga ko‘ra, Eronning asosiy savdo hamkorlari qatoriga Hindiston, Turkiya va Xitoy kiradi. Bu Trampning ilk bor bunday choraga qo‘l urishi emas: u Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiyaga bosim o‘tkazish maqsadida Hindistonning Rossiya neftini sotib olgani sababli hind tovarlariga ham 50 foizlik boj joriy etgan edi.
Namoyishlar fonida Tramp Oq uy va AQSH harbiylari Erondagi vaziyat bo‘yicha turli variantlarni ko‘rib chiqayotgani, bu choralar namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini bildirgan. Shuningdek, Tramp Eron muxolifati yetakchilari bilan aloqada ekanini aytgan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Eronda namoyishlar kuch bilan bostirilayotgani sababli turli choralarni, jumladan havo zarbalarini ham ko‘rib chiqmoqda, biroq “birinchi variant” sifatida diplomatiyani afzal biladi.
11 yanvar kuni Tramp Eron rahbariyati undan muzokaralar o‘tkazishni so‘raganini aytdi, ammo Vashingtonning bu so‘rovga javobi qanday bo‘lganini ochiqlamadi. Tehron hozircha bu bayonotlarga izoh bermadi.
Iran Human Rights (IHR) huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 12 yanvar kuniga kelib Eronda norozilik namoyishlarini bostirish chog‘ida kamida 648 kishi halok bo‘lgan, ularning to‘qqiztasi voyaga yetmaganlar. Internet 100 soatdan ortiq vaqt davomida o‘chirilgani sababli bu ma’lumotlarni mustaqil tarzda tekshirish juda qiyin. Huquq faollari taxminiga ko‘ra, qariyb 10 ming kishi hibsga olingan.
Eronda ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabrda boshlangan. Internet o‘chirilgani va xavfsizlik kuchlarining kuchaytirilgan choralariga qaramay, Tehron va boshqa yirik shaharlarda minglab odamlar har kuni ko‘chalarga chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti Erondagi vaziyat sabab ushbu mamlakatda qolayotgan fuqarolariga murojaat yo‘llagandi. Unda amerikaliklar Eronni imkon qadar tezroq tark etishga chaqirilgan. AQSH fuqarolariga muqobil aloqa usullarini oldindan rejalashtirish va imkon bo‘lsa, Armaniston, Turkiya yoki Turkmaniston bilan quruqlikdagi chegaralar orqali mamlakatdan chiqib ketish tavsiya etilgan.