Tramp Davlat departamentidagi yuqori martabali diplomatlarni ishdan bo‘shatadi

Olam

image

Amerikaning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasi Davlat departamentidagi ba’zi yuqori martabali diplomatlarning iste’fosini talab qildi. Ushbu chora-tadbirlar Jo Baydenning ketayotgan ma’muriyati bilan "hal qiluvchi tanaffus"ni namoyish etishga qaratilgan. Bu haqda kecha, 19 yanvar kuni manbalariga tayanib, "The Washington Post" xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, “o‘nlab diplomatlar” Tramp yordamchilaridan tegishli ko‘rsatmalar olgach, bugun, 20 yanvar kuni tushdan keyin iste’foga chiqadi.

Ma’lum qilinishicha, majburiy iste’folar orasida AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jon Bass va Davlat kotibining energiya resurslari bo‘yicha yordamchisi Jefri Payett ham bor.

Iste’foga chiqish so‘ralgan diplomatlardan biri o‘z nomini oshkor qilmaslik sharti bilan gazetaga bergan intervyusida Tramp jamoasi "masalani professional tarzda hal qilganini" aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak ma’muriyat “ularning o‘rnini o‘zlari avval birga ishlagan odamlar egallashini xohlaydi”.

Qayd etilishicha, bu nomzodlardan biri Trampning birinchi prezidentlik davrida Davlat departamenti ijrochi kotibi lavozimida ishlagan Liza Kennadir. Gazetaning yozishicha, Kenna Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallashi mumkin.

Trampning inauguratsiyasi bugun, 20 yanvar kuni tushda bo‘lib o‘tadi. Vashingtonda havo harorati minus 11 darajagacha tushishi kutilayotgan bir paytda Tramp va saylangan vitse-prezident Jeyms Devid Vens avvaldan rejalashtirilganidek Kongress binosi oldida emas, balki 40 yil ichida birinchi marta uning markaziy zalida, 1 mingdan ortiq odamni sig‘dirish qiyin bo‘lgan Rotundada qasamyod qiladi.

Marosim oldidan Vashingtonda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Oq uy va Kongressga tutash shahar markazining katta qismi avtomobillar harakati uchun yopiq. Kapitoliy tepaligi o‘rab olingan va bir necha kundan beri keng jamoatchilikni kiritmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing