Tramp chiqindi tashish mashinasida sayr qildi
Olam
−
09:49
2055Kecha, 30 oktyabr kuni AQSHda respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp chiqindi tashuvchi mashinada sayr qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, siyosatchi shu tariqa amaldagi Prezident Jo Baydenning Tramp tarafdorlarini “chiqindi” degan so‘zlariga javob qaytargan. Bayden tegishli bayonotni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan Trampning saylovoldi mitingida komik Toni Xinchkliffning Puerto-Rikoni “suzib yuruvchi chiqindi oroli” deb atagan so‘zlariga munosabat tariqasida aytgan. AQSH rahbari o‘z nutqida Puerto-Riko aholisi “yaxshi, tartibli odamlar” ekanini alohida ta’kidlagan.
“Men ko‘rayotgan yagona chiqindi — bu uning (Trampning) tarafdorlaridir”, degan Bayden.
Keyinroq Oq uy Prezident Tramp tarafdorlarini emas, aynan komikni nazarda tutganini bildirgan. Tushunmovchilik apostrof belgisi tufayli yuzaga kelgani aytilgan. Bunga javoban Tramp quyidagicha munosabat bergan:
“Baydenning bayonoti chin ma’noda sharmandali. Mening chiqindi tashuvchi mashinam qanday ekan? Bu Kamola va Jo Bayden sharafiga”, deydi Tramp mashinadan boshini chiqarib.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden prezidentlik saylovi uchun muddatidan oldin ovoz bergandi. U buning uchun boshqa saylovchilar bilan birga qariyb 40 daqiqa navbatda turgan.
Shuningdek, 50 mln amerikalik saylovlardan 1 hafta oldin o‘z tanlovini amalga oshirib bo‘lgan. Nashrga ko‘ra, saylov kuniga yetti kun qolganida 50,5 milliondan ortiq amerikalik allaqachon ovoz berib bo‘lgan.
LiveBarchasi
30 Oktabr