Tramp bir yilda 600 mln dollardan ortiq daromad qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘tgan yili kriptovalyutalar, golf-klublar, litsenziyalar va boshqa loyihalar orqali 600 million dollardan ortiq daromad oldi. Bu haqda uning ochiq moliyaviy deklaratsiyasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, endilikda Prezidentning aktivlari kamida 1,6 milliard dollarga teng. Trampning boyligining asosiy qismini qurilish loyihalaridan tushgan daromadlar, kripto makonidagi ishtiroki va boshqa bizneslardan olingan foyda tashkil etadi.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Donald Trampga daromad keltirgan manbalar:

  • Trampga tegishli uchta golf-kurort – 217,7 million dollar;
  • Trump National Doral xususiy golf-klubi – 110,4 million dollar;
  • Vetnamdagi loyiha bo‘yicha litsenziya to‘lovlari – 5 million dollar;
  • Hindistondagi qurilish loyihasi – 10 dollar million;
  • Dubaydagi loyiha bo‘yicha litsenziyalash – deyarli 16 million dollar;
  • World Liberty orqali token sotuvlaridan tushgan daromad – 57,35 million dollar;
  • Uning suratlari tushirilgan NFT raqamli kartochkalaridan – 1,16 million dollar.

U, shuningdek, o‘z ismi yoki qiyofasidan foydalanish huquqi uchun to‘lanadigan pullardan ham foyda ko‘rdi:

  • Greenwood Bible  –  1,3 million dollar;
  • Trump Watches (Tramp soatlari) – 2,8 million dollar;
  • Trump Sneakers and Fragrances (Tramp oyoq kiyimlari va atirlari) – 2,5 million dollar.

Nashrning yozishicha, Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ining egasi bo‘lgan Trump Media & Technology Group'dagi ulushidan ham foyda oladi. U, shuningdek, passiv investitsiyalardan olinadigan foiz va dividendlarga ega, ularning umumiy qiymati kamida 211 million dollarni tashkil etadi.

“Uning ba’zi bizneslari, masalan, kriptovalyutalar sohasidagilari, AQSHda u Prezidentlik qilgan davrda yuz bergan siyosiy o‘zgarishlardan foyda ko‘rmoqda va tanqid ostida qoldi”, deyiladi xabarda.

2025 yilda Donald Tramp o‘zining $TRUMP nomli memkoinini chiqardi, u orqali taxminan 320 million dollar miqdorida komissiya daromadi olindi, birinchi xonim Melaniya Tramp esa o‘zining NFT kolleksiyasidan taxminan 216 ming 700 dollar miqdorida foyda ko‘rdi.

Qayd etilishicha, deklaratsiyada ko‘pincha aktivlar va daromadlar qiymat oraliqlarida ko‘rsatilgan, shuning uchun “Reuters” pastki chegara raqamlarini ishlatgan. Bu esa umumiy aktivlar va daromadlar aslida bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Trampning oilaviy biznes imperiyasi Tramp prezidentlikka qaytganidan keyin bir oy ichida kamida 2 milliard dollar daromad topgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing