Tramp bir sentlik tanga zarbini to‘xtatishni buyurdi
Olam
−
10 fevral 2025 3618 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatda bir sentlik tangalar (penni) chiqarilishini to‘xtatish bo‘yicha AQSH Moliya vaziri Skott Bessentga topshiriq berganini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“AQSH juda uzoq vaqt davomida penni zarb qildi, lekin u bizga har biri ikki sentdan ham qimmatga tushmoqda. Bu shunchalik isrofgarchilik! Men AQSH Moliya vaziriga yangi penni ishlab chiqarishni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berdim. Keling, ushbu xarajatlarni davlat byudjetidan chiqarib tashlaymiz, hatto bitta pennidan boshlab bo‘lsa ham!” deb yozdi Tramp.
CNN xabariga ko‘ra, tangalarni ishlab chiqarish tannarxining oshishiga asosiy sabab metall narxining ko‘tarilishi bo‘lib, bu jarayonni iqtisodiy jihatdan samarasiz qilib qo‘ymoqda.
“Ekspertlarning fikricha, pennidan voz kechish biznesga ham foyda keltirishi mumkin, chunki bu sotuvchilar va kassirlarning vaqtini tejaydi”, deyiladi telekanal materialida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada transgenderlarning ayollar musobaqalarida ishtirok etmasligini ta’minlash uchun choralar ko‘rishga va’da berib, transgenderlarning ayollar va qizlar musobaqalashadigan ta’lim muassasalaridagi sport tadbirlarida ishtirok etishini taqiqlovchi farmonni imzolagandi.
Live
Barchasi