Tramp Baydenning Afg‘oniston bo‘yicha qarorini tanqid qildi
Olam
−
19 aprel 2021
4799AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Prezident Jo Baydenning shu yil 11 sentyabrga qadar Afg‘onistondan AQSH qo‘shinlarini olib chiqish to‘g‘risidagi qarorini tanqid qildi. Bu haqda Trampning bayonotiga asoslanib "Newsweek" xabar bermoqda.
"Men istardimki, Jo Bayden 11 sentyabrni Afg‘onistondan qo‘shinlarimizni olib chiqish sanasi sifatida ishlatmasin", degan Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sanadan foydalanish noto‘g‘ri bo‘lishining ikkita sababi bor. Eks-prezident qo‘shinlarni Afg‘onistondan oldinroq olib chiqish mumkin deb hisoblaydi.
Shuningdek, u prezidentlik davrida AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan muddatidan oldin chiqib ketishi uchun sharoit yaratganini, ya’ni, anjomlarning muhim qismini olib tashlagani va harbiy xizmatchilar sonini 16 ming kishidan ikki mingga ham yetmaydigan kishiga kamaytirganini aytgan.
Bundan tashqari, Tramp 2001 yil 11 sentyabrdagi terakt "juda achinarli voqea" ekanini va ushbu sana harbiylarning o‘z vataniga qaytishidagi xursandchiligini yo‘qqa chiqarishini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida, 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
Biroq, joriy yil yanvar oyida AQSHning yangi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati “Tolibon” bilan tuzilgan shartnomani qayta ko‘rib chiqish niyatida ekanini e’lon qildi.
LiveBarchasi