Tramp al-Bag‘dodiyning o‘limini tasdiqladi. ISHIDning yangi rahbari kim bo‘ladi?

Olam

image

Suriya va Iroqda faoliyat olib boruvchi ISHID terrorchilik guruhi yetakchisi Abu bAkr al-Bag‘dodiy Amerika harbiylari tomonidan o‘tkazilgan amaliyot natijasida halok bo‘ldi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp murojaatid ma’lum qildi.

Donald Tramp ISHID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy Suriya hududida o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida yo‘q qilinganini ta’kidladi. 

“O‘tgan kecha AQSH dunyoning birinchi raqamli terroristiga nisbatan adolatni qaror toptirdi. Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldi. U dunyodagi eng shafqatsiz va zo‘ravon terrorchilik tashkiloti – ISHIDning asoschisi va yetakchisi edi”, dedi Tramp maxsus murojaatida. 

AQSH Prezidentining Oq uydagi nutqi dunyoning ko‘plab agentliklari tomonidan translyatsiya qilindi.

Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, ekspertiza natijalari aviazarba oqibatida o‘ldirilganlar orasida al-Bag‘dodiy ham bo‘lganini tasdiqlagan.

Prezident al-Bag‘dodiy amerikalik harbiylar uchun birinchi raqamli nishon bo‘lgani, u yashayotgan joy aniqlangach, o‘sha uyda bo‘lgan 11 bola u yerdan chiqarilganini ma’lum qilgan. Trampning ISHID yetakchisining qanday o‘lganiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, al-Bag‘dodiy aviazarbalardan keyin “qo‘rqoqlarcha qochgan”, ammo hududni tunnel orqali tark etish uchun harakati muvaffaqiyatsiz kechgach, o‘z belidagi portlovchi qurilmalarni portlatib yuborgan. Uning yonida bo‘lgan uch bola ham u bilan birga halok bo‘lgan.

“U oxiri o‘limga olib boruvchi tunnel ichiga dodlab baqirganicha yugurib kirayotganida o‘ldi. Bungacha voqea joyidagilar yo taslim bo‘lgan, yo otib tashlangan edi. Uydan 11 nafar bola olib chiqildi, ular jarohatlanmagan.

Tunnelda faqat uch bolasi bilan Bag‘dodiy qolgandi. Bizning itlarimiz uni ta’qib qilib borganida u tunnel oxiriga yetib qolgandi. Ustidagi portlovchi jiletini portlatib, o‘zi va uch bolasini o‘ldirdi. Portlash natijasida uning tanasi bo‘laklarga bo‘linib ketdi.

U xuddi it kabi o‘ldi. Qo‘rqoqlarcha o‘lim topdi. Dunyo yanada xavfsizroq”, dedi Tramp bayonoti so‘ngida.

Tramp mazkur amaliyotda ishtirok etganlarning barchasiga, birinchi navbatda amerikalik harbiylarga, shuningdek, Turkiya, Iroq, Suriya, Rossiya va kurdlarga minnatdorchilik bildirdi.

Tramp jurnalistlar savollariga javob qaytarib, Suriya shimolidagi havo hududini nazorat qilayotgan Rossiya amerikaliklar aviatsiyasiga Idlib viloyati osmonida harakatlanishi uchun yo‘lak ochib berganini ma’lum qilgan.

“Hududga uchib kirish va undan uchib chiqish juda-juda xavfli edi. Biz juda jiddiy hujumga uchrashimiz mumkin edi. Rossiya biz uchib o‘tishimiz uchun o‘z nazoratidagi ayrim hududlarni ochib berib, juda ajoyib yo‘l tutdi.

Iroq tomoni ham juda katta yordam berdi. Ular biz nima qilayotganimiz, qayerga ketayotganimizni aniq bilishmasdi. Ammo Rossiya va boshqa ba’zi davlatlar ham ISHIDdan nafratlanadi”, dedi Tramp.

Havo zarbalari Turkiya va Suriya chegarasidan 5 km masofada - Turkiya armiyasining kurdlar ustiga yurishidan keyin Rossiya harbiy politsiyasi nazorat qilayotgan hudud yaqinida berilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa amerikaliklarning maxsus amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanganiga shubha bilan qaramoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi Trampning murojaatidagi so‘zlarga munosabat bildirib, amerikaliklar aviatsiyasi harakatidan xabardor emasligini ma’lum qildi.

“Go‘yoki bu “amaliyot”da to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etganlar soni ko‘pligi, har birining bayonoti bir-biriga zid bo‘lishi bu amaliyot o‘tkazilganiga, ayniqsa muvaffaqiyatli yakunlanganiga shubha va savollar tug‘diradi”, degan Rossiya harbiy muassasasi vakili Igor Konashenkov.

Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, shanba kuni Idlib hududida havo zarbalari berilgani sezilmagan, vazirlikdagilar amerikaliklar aviatsiyasi harakatlari haqida boxabar bo‘lmagan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, jangchilar ISHID rahbarining uyida ikki soat davomida bo‘lishgan va muhim hujjatlarni olishgan. Shundan keyin uy keyinchalik ISHID tarafdorlarining ziyoratgohiga aylanmasligi uchun “yer bilan bitta qilingan”.

Al-Bag‘dodiy o‘limi haqidagi dastlabki xabarlar tarqalganidan so‘ng ISHIDning boshqa yetakchilari orasida nizolar chiqa boshlagan.

“ISHID yetakchisi o‘ldirilgach, ular ushbu voqeada bir-birlarini ayblashni boshladi va guruh a’zolari orasida tarqoqlik hukmronlik qilmoqda”, deydi Iroq razvedkasi xodimi. 

Qayd etilishicha, al-Bag‘dodiy bilan birga uning xavfsizlik xizmatini boshqargan Gazvon Ar-Rauriy hamda iroqlik bir nechta terrorchi ham o‘ldirilgan.

Al-Bag‘dodiyning o‘rnini uning ikki yordamchisidan biri egallashi mumkin. Bular Abu Abdul Rahmon al-Jezraviy hamda Abu Usmon al-Faransiy.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Abu Bakr al-Bag'dodiy

Baholaganlar

83

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing