Tramp asli kim tomonda yoxud AQSH dollarining qismati xavf ostida

Tahlil

image

Sezdingizmi shu yil O‘zbekistonda dollar kursi nisbatan barqaror bo‘ldi-ya? Oldinlari AQSH dollarining mahalliy valyutaga nisbatan qiymati yildan-yilga oshar, hech pastlay demasdi. Ayrim mavsumlarda eksport tushumlari, jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosidan keladigan valyuta oqimi hisobiga bozorda vaqtinchalik muvozanat yuzaga kelgan bo‘lsa-da, asosan dollar kursi sezilarli darajada yuqorilardi. Odamlar jamg‘armalarini dollarda saqlashga harakat qilar, shu orqali uning qiymatini saqlab qolardilar yoki dollar qimmatlashgan payti uni sotib, jamg‘armasini oshirib ham olishlari mumkin edi. O‘ziga xos “treyder” bo‘lgan bu o‘zbek xalqi. 

Ammo so‘nggi yillarda dollar kursi oshish u yoqda tursin, asta-sekin tushishni boshladi. Jahon bankining 2025 yil uchun hisobotiga ko‘ra, so‘m dollarga nisbatan 0,6 foizga mustahkamlangan. Tashkilot buni pul o‘tkazmalari va eksport tushumlarini ham o‘z ichiga olgan kengroq valyuta oqimi bilan izohlagan.

Dollar ham bir oddiy tovardek, bozorda qancha taklif kam bo‘lsa-yu, talabgor ko‘p bo‘lsa qimmatlashadi, agar ko‘p bo‘lsa arzonlashadi. Jahondagi geosiyosiy vaziyat tufayli oltin narxlari ko‘tarilgani, xorijdagi migrantlarning pul o‘tkazmalari ortgani va eksport tushumlarining oshishi hisobiga O‘zbekistonda ham dollar ancha ko‘payib qoldi, bu esa o‘z navbatida so‘mga bosimni kamaytirmoqda.

Bu bola bekor ko‘p gapirdi, endi ko‘zi tegadi deyayotganlarga oldindan aytib qo‘yay, men gapiramanmi, yo‘qmi baribir yaqin orada dollar kursi yana ko‘tarilishi mumkin. Negaki, AQSH Federal zaxira tizimi, ya’ni Federal rezerv shu yilning 15–16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishda foiz stavkalarini oshirishni rejalashtirmoqda.

Xo‘sh, FZT o‘zi qanday tashkilot va uning siyosati qanday qilib O‘zbekistondagi valyuta bozoriga ta’sir qilishi mumkin?

FZT nima xohlaydi?

“Federal Reserve System”, ya’ni Federal zaxira tizimi – bu AQSHning Markaziy banki. Keng jamoatchilik uni erkalatib “The Fed” deyishadi, bu uning keng tarqalgan norasmiy nomi. O‘zbekistonda Markaziy bank qanday rol o‘ynasa, AQSHda FED ham xuddi shunday vazifalarni bajaradi. Inflyatsiyani jilovlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tijorat banklari ustidan nazorat o‘rnatish uning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Federal rezerv mustaqil organ, garchi tashkilotning rahbariyati AQSH prezidenti tomonidan tavsiya etilib, Senat tomonidan tasdiqlansa ham.

Shu yilning 4 sentyabr kuni AQSH Mehnat departamentining Statistika byurosi yangi hisobotni e’lon qildi va unda kutilgan 55–56 ming emas, 162 000 ta yangi ish o‘rni yaratilgani aytildi. Ishsizlik darajasi barqaror ravishda 4,1 foiz ko‘rsatkichida saqlanib qolgan.

FED’ning kutuvlari bo‘yicha, yangi ish o‘rinlari yaratilgach, ilgari ishsiz bo‘lgan yoki kam ish haqi olayotgan odamlar doimiy maosh ola boshlaydi. Insonlarda daromadning oshishi esa iste’molni ko‘paytiradi, o‘z navbatida uy-joy, avtomobil yoki boshqa qimmatroq tovarlarga nisbatan talab ortadi. Biroq, zavodlar, do‘konlar va xizmat ko‘rsatuvchilar mahsulot ishlab chiqarish hajmini xuddi shunday tezlikda oshira olmagani sababli narxlar sun’iy ko‘tarila boshlaydi.

Bundan tashqari, bo‘sh ish o‘rinlari ko‘payib, ishsizlik past darajaga tushsa, vakant o‘rinlarga malakali kadrlarni jalb etish maqsadida ish beruvchilar maoshlarni oshiradi. Va aksincha, boshqaruvchilar o‘z xodimlarini saqlab qolish uchun ham maoshlarni ko‘taradi. Bu esa o‘z navbatida bozordagi narx-navoning oshishiga olib keladi.

Federal rezerv esa – buni oldini olish maqsadida foiz stavkalarini oshirishi mumkin. Tashkilotning amaldagi rahbari Kevin Uorsh ham stavkalarning oshish ehtimoli yuqori ekanligini ma’lum qilgan. FZT 2025 yil oxirida foiz stavkalarini ketma-ket pasaytirib, ularni 3,50–3,75 foiz oralig‘iga tushirgan edi. Moliya bozorlari va tahlilchilar endi bu ko‘rsatkichlar yana 3,75–4,00 foizgacha oshirilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Agar FED bu qarorni qabul qilsa, tijorat banklarida ham kredit foizlari oshadi. Asosiy katta xaridlarini kreditlar bilan amalga oshiradigan amerikaliklar uchun oshgan foizlar ma’lum ma’noda og‘irlik qiladi.

Qo‘shimchasiga, kredit foizlarining oshishi bilan birga banklar depozitlar bo‘yicha yuqoriroq foiz to‘lay boshlaydi. Bu esa odamlar va kompaniyalarda pulni bozorda sarflab yuborgandan ko‘ra, bankka qo‘yib kafolatlangan va yuqori daromad olishni afzal ko‘rishiga sabab bo‘ladi. Natijada, bozorda aylanib yurgan “ortiqcha pul massasi” kamayadi va inflyatsiya darajasi me’yorda ushlab turiladi.
Xo‘sh, bu qanday qilib O‘zbekistondagi valyuta bozoriga ta’sir etishi mumkin?

Dollar kursi oshishi mumkin

O‘zbekistondagi tijorat banklari va yirik davlat korxonalari xalqaro moliya bozorlaridan dollar hisobida resurslar jalb qiladi. Mahalliy korxonalar rivojlanishi uchun xalqaro investorlar yoki banklardan foizga qarz oladi. FZT foiz stavkalarini oshirsa, ushbu kreditlar ham qimmatlashadi. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatga dollar kirib kelishini qiyinlashtiradi. Oqibatda yuqorida aytganimizdek, taklif kamayib, talab oshadi va dollarning so‘mga nisbatan qiymati ortadi.

Mahalliy bozorda dollarning keskin kamayishi kuchli tebranishni keltirib chiqarishi mumkin. Markaziy bank esa kursni barqaror saqlashga harakat qiladi va zaxirada saqlanayotgan dollarni bozorga chiqaradi, garchi bu qisqa muddatli barqarorlikni ta’minlasa-da, uzoq muddatda baribir dollar kursi bozor narxiga tushiriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning asosiy savdo va iqtisodiy hamkorlari – Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiya kabi davlatlar. AQSH dollarining xalqaro bozorda mustahkamlanishi ushbu hamkor mamlakatlar valyutalarining ham dollarga nisbatan qadrsizlanishiga olib keladi. Boshqa davlatlarning ham valyutasi arzonlashgani tufayli O‘zbekiston mahsulotlari ular uchun qimmatlashadi, oqibatda eksport tushumi kamayishi mumkin.

Migrantlardan keladigan tranzaksiyalar ham alohida ahamiyatga ega. Rossiya, Turkiya yoki Xitoy kabi davlatlarda inflyatsiyaning oshishi chet eldagi mehnat muhojirlarining oylik daromadiga ham ta’sir qiladi. Bu esa O‘zbekistonga xorijdan keladigan pul o‘tkazmalarini kamayishiga sabab bo‘ladi.

Eng xavfli omil esa oltin narxi. O‘zbekistonga dollar kirib kelishining asosiy sababi – bu oltin eksporti. Odatda AQSHda foiz stavkalari va dollar indeksi oshganida, xalqaro birja bozorlarida oltin narxi dollar hisobida bosimga uchraydi va arzonlashadi. Bu esa oltin savdosidan keladigan tushumni kamaytiradi.

Qisqa qilib aytganda, FZT joriy etgan foizlar emas, uning natijasida qimmatlashgan aktivlar O‘zbekistondagi dollar kursiga jiddiy ta’sir etishi mumkin.

Tramp asli kim tomon?

Qiziq jihati, AQSH prezidenti foiz stavkalarining oshishiga keskin qarshilik bildirmoqda. Prezident Donald Tramp agar FZT ushbu qarorni qabul qilsa, AQSH savdo kamomadiga (defitsitga) ega bo‘lgan ayrim mamlakatlar bilan savdo aloqalarini uzish bilan tahdid qildi.

Trampning 4 sentyabr kuni e’lon qilgan postida, rais Kevin Uorsh va boshqaruv a’zolarini “aqlli va o‘zgarish uchun vatanparvar bo‘lishga” undadi.
“Stavkani pasaytiring, aks holda men taqchillik bo‘lgan davlatlar bilan savdoni to‘xtataman. Yuqori foiz stavkalari AQSHni juda adolatsiz ahvolga solib qo‘yadi va men bunga yo‘l qo‘ymayman!”, deb yozgan Tramp.

Shuningdek, Tramp stavkalarning oshishi qarz va inflyatsiyadan xavotirda bo‘lgan obligatsiya bozorlarini tinchlantirishi haqidagi fikrni rad etdi va AQSH 1 foiz yoki undan pastroq stavkada bo‘lishi kerakligini aytdi.

Prezident yana AQSH bilan aloqalardan manfaat ko‘rgan hamkorlarga misol tariqasida Shveysariya, Meksika va Yevropa Ittifoqini tilga olib, ayrim iqtisodiyotlar bilan savdo aloqalarini uzish haqidagi tahdidini ma’qulladi.

“Bizda moliyaviy jihatdan elita hisoblangan mamlakatlar bor, masalan Shveysariya va boshqalar. Lekin agar biz ular bilan savdo qilmaganimizda, ular kasodga uchragan, bankrot davlatlar bo‘lardi. Ular elita deb hisoblanishiga sabab – bizda ular bilan ulkan savdo kamomadi mavjudligidir. Biz savdo qilmaslik huquqiga egamiz. Biz ularga bojxona bojlarini joriy qilish huquqiga egamiz”, deydi u.

Trampning fikricha, past foiz stavkalari biznes uchun qarz olishni va investitsiya kiritishni arzonlashtiradi. U past stavkalar orqali AQSH Yalpi Ichki Mahsuloti o‘sishini rekord darajaga ko‘tarish mumkin deb hisoblaydi. FZTning yangi stavka tizimi esa tadbirkorlarga kredit olishni qiyinlashtiradi va natijada bizneslarning rivojlanishi sekinlashadi. Prezident, Federal rezervning talab ortib ketishi oqibatida paydo bo‘luvchi inflyatsiyaga shubha bildirib, tez fursatda bozorda vujudga kelgan kamomad kredit olgan ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘ldirilishiga ishonmoqda.

Bundan tashqari, AQSHning davlat qarzi ham Oq uy rahbarini xavotirga solmoqda. Ayni paytda mamlakatning umumiy davlat qarzi 40 trillion dollardan oshib ketgan. Foiz stavkalari yuqori bo‘lsa, AQSH hukumati o‘z obligatsiyalari bo‘yicha milliardlab dollar ortiqcha foiz to‘lashga majbur bo‘ladi. Tramp stavkalar tushirilsa, davlat byudjetidan qarz foizlariga ajratilayotgan pullar keskin tejalgan bo‘lardi, deb ta’kidlaydi.

Shuningdek, Donald Tramp dollarning qadri sun’iy ravishda oshishi AQSH tovarlarining xalqaro maydonda raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qilishini ta’kidlamoqda. Xitoyning arzon tovarlariga qarshi tura olish uchun Amerika mahsulotlari ham muqobil ravishda arzon bo‘lishi kerak. Aynan shu sababli Tramp xalqaro moliya bozorida dollar qiymatini erkin qo‘yish va iloji boricha foiz stavkalarini past saqlashni talab qilmoqda. Uning fikricha, pastroq stavkalar AQSH mahsulotlarini boshqa davlatlar uchun arzonroq va jozibaliroq qiladi.

Garchi FZT mustaqil organ bo‘lsa-da, Trampning tahdidlari uni ham o‘ylab ish qilishga majbur qilishi mumkin. Har holda bu AQSH rahbarining FED rahbariyati bilan birinchi marta ziddiyatga kirishishi emas.

Sobiq rahbar bilan munosabatlar

FED’ning sobiq raisi Jerom Pauell va Donald Tramp o‘rtasidagi ziddiyat shunchaki shaxsiy kelishmovchilik emas, mamlakatning iqtisodiy taqdiri haqidagi ikki xil fikrning to‘qnashuvi va AQSH Federal zaxira tizimining mustaqilligi masalasi edi. Tramp prezidentlik davrida bir necha bor FZTni foiz stavkalarini tezroq va keskinroq pasaytirishga chaqirdi. Uning fikricha, yuqori stavkalar kreditni qimmatlashtirib, biznes va iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiladi. Pauell esa inflyatsiyani nazorat qilishni ustuvor vazifa deb bilib, Trampning talablariga qaramay, pul-kredit siyosatini mustaqil yuritishga harakat qildi.

Trampning Pauellga bosimi vaqt o‘tishi bilan oddiy tanqiddan ancha oshib ketdi. 2026 yil yanvar oyida AQSH Adliya vazirligi Pauell va FZTga qarshi jinoiy tergov boshlanganini ma’lum qildi. Tergov markazida FED’ning Vashingtondagi binolarini rekonstruksiya qilish loyihasi xarajatlari va Pauellning Kongressdagi ko‘rsatmalari turardi. Loyiha qiymati dastlab 1,9 milliard dollar deb baholangan bo‘lsa, keyinchalik 2,5 milliard dollarga yetgan. Pauell esa bu ish asl sabab emas, FZTga bosim o‘tkazish uchun bahona ekanini ta’kidlagan. Shunaqa, tepadagilar “tagingga suv quymoqchi” bo‘lsa, bir ilojini baribir topishadi, janob Pauell.

“Men demokratiyamizda qonun ustuvorligi va hisobdorlik tamoyillarini chuqur hurmat qilaman. Hech kim, ayniqsa Federal zaxira tizimi raisi ham qonundan ustun bo‘la olmaydi. Ammo bu jarayon ma’muriyat tomonidan bo‘layotgan tahdidlar va doimiy bosimlar kontekstida ko‘rib chiqish lozim”, deydi Pauell.

Eng yomoni, asl maqsadni hamma bilib bo‘lgan edi. Tramp o‘ziga qulay bo‘lgan past foiz stavkalarini xohlardi, FZT esa iqtisodiy ko‘rsatkichlar va inflyatsiyadan kelib chiqib qaror qabul qilishi kerak edi. Shu sababli Pauellning prezident talablariga bo‘ysunmagani Tramp bilan munosabatlarni yanada keskinlashtirdi.

Ammo qonun, o‘z nomi bilan qonun. Uni na butun dunyo iqtisodiga ta’sir qiluvchi tashkilot rahbari, na o‘sha qudratli davlat rahbari buza oladi. AQSH Adliya vazirligi hamda Donald Tramp ma’muriyati tomonidan Jerom Pauellga nisbatan boshlangan jinoiy va huquqiy surishtiruvlar 2026 yilning mart–aprel oylarida FED foydasiga va tergov butunlay yopilishi bilan yakun topdi. 24 aprel kuni Adliya vazirligi Jerom Pauellga nisbatan ochilgan jinoiy tergovni rasman to‘liq yopganini e’lon qildi. Pauell esa FZT raisligini qonuniy muddati tugagani tufayligina tark etdi, biroq Boshqaruv kengashidagi faoliyatini davom ettirdi.

Uning o‘rnini AQSH prezidenti tomonidan tavsiya etilgan Kevin Uorsh egalladi. Qizig‘i, gap Pauellda emas edi, muammo tashkilot va Trampning qarashlari farqli ekanligida. Jerom Pauell ketganidan keyin ham Trampning FZT bilan “hisob-kitobi” tugamadi. Qaysidir ma’noda Trampning “o‘zini odami” ham uning siyosatiga qarshi yurmoqchi.

Ammo bu hali aniq emas. AQSH rahbari foiz stavkalarini past saqlashni shu vaqtgacha uddalab keldi. Yangi tahdidlar ham bejiz emas, hali Tramp bu siyosatini uzoq ilgari surmoqchi ko‘rinadi. Xo‘sh, bu harakatlar o‘zini oqlaydimi yoki yo‘qmi – buni endi vaqt ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing