Tramp AQSH SSSR taqdirini takrorlashidan ogohlantirdi
Olam
−
27 iyul 2022
19458Qo‘shma Shtatlar uchun asosiy tahdid ichkaridan keladi, natijada mamlakat SSSR, Venesuela yoki Kuba taqdirini takrorlashi mumkin. Bu haqda Oq uyning sobiq egasi Donald Tramp Vashingtondagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Qo‘shma Shtatlarda ko‘plab muammolar, jumladan, jinoyatchilikning kuchayishi, ta’lim tizimidagi korrupsiya, byurokratiya, yuqori inflyatsiya va migrantlar oqimi kabilar to‘planib qolgan. Shu munosabat bilan Tramp “korrupsiyalashgan davlat apparati”ning unga qarshilik qilishiga qaramay, siyosiy faoliyatini davom ettirishga va’da bergan.
“Chunki men buni qilmasam, bizning xalqimiz yana bir Venesuela yoki Sovet Ittifoqiga aylanishga mahkum. Biz bu yo‘nalishda harakat qilmoqdamiz. Yoki juda katta miqyosdagi Kubaga aylanishga mahkum”, degan Tramp.
Vashingtonda o‘tgan forumdagi nutqi Oq uy sobiq rahbarining prezidentlik muddati tugaganidan keyin Amerika poytaxtida ilk bor chiqishi edi. Avvalroq u Jo Bayden ma’muriyatining harakatlarini bir necha bor tanqid qilgan. Tramp, jumladan, Ukrainaga nisbatan siyosatni “jinnilik” deb atagan va bu jahon urushiga olib kelishi mumkinligini aytgan.
LiveBarchasi