Tramp AQSH kriptovalyuta zaxirasini yaratish rejasini e’lon qildi
Olam
−
03 mart 3347 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp yaqinda AQSHning “kripto strategik zaxirasi”ni yaratish rejasini e’lon qildi, bu esa Bitcoin (BTC), Ripple (XRP), Solana (SOL) va Cardano (ADA) kabi kriptovalyutalar narxining sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Bu haqda mamlakat Prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Trampning aytishicha, ushbu zaxira AQSHni “dunyoning kripto poytaxti”ga aylantirishga qaratilgan. Uning dastlabki postida XRP, Solana va Cardano kiritilgan bo‘lsa-da, keyinchalik Bitcoin va Ethereum ham zaxiraga qo‘shilishi tasdiqlangan.
Bu qaror Trampning ilgari kriptovalyutalarga nisbatan bildirgan shubhalaridan sezilarli burilish bo‘lib, endi u ushbu sohani faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, Tramp Oq uyda kripto sammitini o‘tkazishni rejalashtirmoqda, unda kripto sanoatining yetakchi vakillari ishtirok etadi.
Trampning bu postidan keyin, Bitcoin narxi 94 164 dollarga (11% o‘sish), Ethereum esa 2 516 dollarga (13% o‘sish) yetdi. Umumiy kriptovalyuta bozorining qiymati 300 milliard dollarga oshgan.
“Bu qaror AQSH hukumatining kripto sanoatiga faol ishtirok etishiga ishora qiladi. Natijada institutsional investitsiyalar oshishi va tartibga solish aniqroq bo‘lishi mumkin”, deydi “21Shares” kompaniyasining AQSH bo‘limi rahbari Federico Brokate.
Ba’zi mutaxassislarning fikricha, AQSH Kongressining ruxsatisiz ushbu strategik zaxira tashkil etilishi qiyin bo‘lishi mumkin. Biroq AQSH G‘aznachilik departamentining Valyutani barqarorlashtirish fondi (Exchange Stabilization Fund) orqali bu reja amalga oshirilishi ehtimoli ham mavjud.
Shuningdek, Tramp hukumati jinoiy ishlar doirasida musodara qilingan kriptovalyutalardan zaxira yaratish variantini ham o‘rganmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 25 fevral kuni Bitcoin narxi 5,5 foizga pasayib, 88 800 dollargacha tushgandi. Bu esa noyabr o‘rtalaridan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Live
Barchasi