Tramp AQSH Davlat kotibi lavozimiga kimni taklif qilmoqchi?
Olam
−
12 noyabr
5397AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp davlat kotibi lavozimiga senator Marko Rubioni nomzod qilib ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
2021 yil yanvar oyidan buyon ushbu lavozimni amaldagi Prezident Jo Bayden ma’muriyatida Entoni Blinken egallab kelmoqda. Gazeta suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Tramp hali so‘nggi daqiqalarga borib o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkin. Negaki Amerikaning saylangan rahbari saylov kampaniyasi boshlanishidan oldin vitse-prezidentlikka ehtimoliy nomzod deb Rubioni mo‘ljallagan.
Nashrning yozishicha, 53 yoshli Marko Rubio 2010 yilda Senatga (AQSH Kongressining yuqori palatasi) saylangan va Xitoy, Eron, Venesuela va Kubaga nisbatan keskin pozitsiyani egallagan holda o‘zini tashqi siyosatda “kalxatchi” sifatida namoyon qilgan.
Rubio 2014 yilda, Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng, Rossiya banklarini xalqaro SWIFT to‘lov xizmatlari tizimidan uzishga chaqirgan. 2022 yil yanvar oyida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi boshlanishidan oldin, respublikachi o‘z chaqirig‘ini takrorladi. Bundan tashqari, u Rossiyaning Ukrainaga hujumi sodir bo‘lgan taqdirda Vladimir Putin va Rossiya rahbariyatining bir qator boshqa asosiy vakillariga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni joriy etishga chaqirdi.
2022 yil mart oyi boshida Rubio boshqa respublikachi senator Chas Grassli bilan birgalikda Rossiyaning barcha davlat korxonalariga qarshi keng qamrovli sanksiyalar joriy etishni taklif qildi.
Donald Tramp AQSH prezidenti etib saylanganidan so‘ng Rubio Ukrainadagi urush “boshi berk ko‘chaga kirib qolgani” va unga barham berish kerakligini aytdi. Shu bilan birga, u “Ukrainaliklar o‘zlarini Rossiya agressiyasidan himoya qilishda nihoyatda jasur va kuchli bo‘lganini” ta’kidladi.
Bundan oldin Donald Tramp Florida shtatidan kongressmen Maykl Uoltsni milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchi qilib tayinlashi ma’lum bo‘lgan edi. SNN esa kecha, 11 noyabr kuni AQSHning saylangan prezidenti o‘zining sobiq katta maslahatchisi Stiven Millerni Oq uy departamenti rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlashga qaror qilgani haqida xabar bergandi.
Tramp mamlakatning BMTdagi doimiy vakilini ham tanlashga qaror qilgan va bu lavozimga Vakillar palatasi a’zosi Eliz Stefanikga taklif qilgan. SNN uni “saylangan prezidentning ishonchli ittifoqchisi” deb ta’riflagan va uni Respublikachilar partiyasi uchun katta mablag‘ yig‘uvchi deb atagan.
Ma’lumot uchun, AQSHda saylovlar joriy yilning 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. 24 soat ichida Donald Tramp g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan 270 ovozdan oshib ketdi. Uning inauguratsiyasi 2025 yil 20 yanvarga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikaning “The Hill” va “Politico” nashrlari floridalik senator Marko Rubio Donald Tramp davrida AQSHning yangi davlat kotibi bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
LiveBarchasi