Tramp 2024 yilgi saylovlar bo‘yicha qarorini e’lon qildi

Olam

image

AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish bo‘yicha o‘z qarorini allaqachon qabul qilgan. Bu haqda u kecha, 14 iyul kuni “Intelligencer” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“O‘zim uchun men allaqachon qaror qabul qildim, shuning uchun endi unga hech qanday omillar ta’sir qilmaydi. Ruhiy jihatdan qaror allaqachon qabul qilingan”, degan Tramp.

“Intelligencer” ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp 4 iyul kuni Mustaqillik kunida prezidentlikka nomzodini qo‘yish rejasini e’lon qilmoqchi bo‘lgan, biroq uning farzandlari, shuningdek, senator Lindsi Grem va Vakillar palatasidagi respublikachi ozchilik yetakchisi Kevin Makkarti uni bu niyatidan qaytargan. Sobiq Prezident bu ma’lumotni rad etib, 4 iyul “e’lon qilish uchun eng yaxshi vaqt emas”, chunki ko‘pchilik bayramlarda dam olish uchun ketishini aytgan.

Tramp 2021 yil fevral oyida Florida shtatining Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan AQSH konservativ doiralari konferensiyasidagi nutqi chog‘ida davlat rahbari lavozimi uchun kurashda yana ishtirok etishi mumkinligini tan olgandi. Keyinroq u aniqlik kiritib, AQSH Kongressiga oraliq saylovlardan so‘ng yakuniy qarorni qabul qilish niyatida ekanligini e’lon qilgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning 6 yanvarida respublikachi Tramp tarafdorlari 2020 yilning noyabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovi natijalarini tasdiqlashga to‘sqinlik qilish maqsadida Kongress binosiga bostirib kirgandi. Negaki saylovda demokrat Jo Bayden g‘alaba qozongandi. Bino ichidagi tartibsizliklar vaqtida politsiya bir namoyishchini otib o‘ldirgan. To‘qnashuvlardan keyin Kapitoliy politsiyasi xodimi halok bo‘lgan.

Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalaridan norozi bo‘lib, uzoq vaqt bahslashdi, u va boshqa respublikachilar ovoz berishda tizimli qoidabuzarliklar bo‘lganini da’vo qildi. Ular bir necha shtatlarda ovozlarni qayta sanab chiqishni talab qilib, sudlarga bir necha bor murojaat qilishgan. Biroq, respublikachilarning harakatlari muvaffaqiyatli bo‘lmadi, ularning da’volari sudlar, jumladan, AQSH Oliy sudi tomonidan rad etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp

Baholaganlar

149

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing