Tramp 200 ming dollar garov puli to‘lashga rozi bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 21 avgust kuni AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning advokatlari Fulton okrugi prokurori jamoasi bilan uchrashganidan so‘ng, 200 ming dollar garov puli to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Aytilishcha, sobiq prezidentga Jorjiyadagi saylovlarga aralashish ishi bo‘yicha 18 nafar ayblanuvchiga va guvohlarga bosim o‘tkazish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlangan.

“Ayblanuvchi, o‘zi bilgan holda, bu ish bo‘yicha sherik ayblanuvchi yoki guvoh bo‘lgan har qanday shaxsni qo‘rqitishga yoki odil sudlovni amalga oshirishga boshqacha tarzda to‘sqinlik qilishga qaratilgan hech qanday harakat qilmasligi kerak. Yuqorida aytilganlarga ijtimoiy tarmoqdagi postlar yoki boshqa shaxs tomonidan ijtimoiy tarmoqda joylashtirilgan postlarning repostlari kiradi”, deyiladi Fulton okrugi Oliy sudi sudyasi Skott Makafi tomonidan imzolangan qarorda.

Sudyaning buyrug‘i Trampning ushbu ish bo‘yicha ayblanuvchlar yoki guvohlardan birortasi bilan, ularning advokatlari orqali aloqa qilishdan tashqari, "bevosita yoki bilvosita" aloqa qilishni taqiqlagan. Ayrim sudlanuvchilar uchun garov to‘lash to‘g‘risidagi qarorga ham xuddi shunday qoida kiritilgan.

Tramp shu hafta oxirida qamoqqa tushishi kutilmoqda. Fulton okrugida politsiya hibsga olganida, qo‘lga olingan shaxs qamoqqa tashlanadi va 72 soat ichida sudya huzuriga keltiriladi. Katta ehtimol bilan, bu ishda ayblanuvchilar bilan bunday bo‘lmaydi, chunki ularga qarshi ayblov allaqachon e’lon qilingan. Tramp hibsga olish jarayonidan “rasman” o‘tishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Trampga qarshi allaqachon to‘rtta jinoiy ish ochilgan. Unga nisbatan jami 91 ta ayblov qo‘yilgan. Jorjiyadagi saylov qonunchiligini buzish ishi bilan bir qatorda, Tramp maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilish, saylovda firibgarlikka urinish va prezidentlik kampaniyasi uchun yig‘ilgan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga duch kelmoqda. Shu bilan birga, Tramp 2024 yilgi AQSH prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun kampaniyasini davom ettirmoqda va Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashda favorit hisoblanadi. Agar u biron bir ayblov bo‘yicha aybdor deb topilsa ham, bu uni Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga nomzod bo‘lish huquqidan mahrum qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp ertaga, 23 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debatda qatnashmasligini ma’lum qilgandi. Bunga sabab sifatida u boshqa raqiblari orasida eng reytingi balandi ekanini keltirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing