Tramp 20 mln amerikalikka 90 dollardan berilishini e’lon qildi
Olam
−
10:15 382 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Medicare dasturi bo‘yicha sug‘urta badallari xarajatlarini qoplash uchun 20 milliondan ortiq keksa amerikaliklarga bir martalik to‘lovlar berilishini e’lon qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, to‘lovlarning umumiy summasi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etadi. Oq uy rahbari, shuningdek, 3 noyabrga mo‘ljallangan Vakillar palatasi va Senatga oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasi g‘alaba qozongan taqdirda, AQSHning barcha katta yoshli fuqarolariga 5 ming dollardan tarqatishga yana bir bor va’da berdi. Sentyabr oyida u byudjetga 1 trillion dollardan ortiqqa tushadigan shunga o‘xshash rejalar haqida ham bayonot bergan edi.
Tramp hukumat Medicare Part B sug‘urta dasturida ro‘yxatdan o‘tgan 20 milliondan ortiq keksa AQSH fuqarolariga 90 dollardan bir martalik to‘lovlarni yuborishni boshlayotganini aytgan. Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “uning ma’muriyati 20 milliondan ortiq ajoyib keksa amerikaliklarga sug‘urta badallarini to‘lashga yordam berish uchun zudlik bilan qariyb 100 dollarlik cheklarni yuborishni boshlaydi”. Ushbu maqsadlar uchun taxminan 2 milliard dollar sarflanadi.
AQSH Prezidenti ushbu to‘lovlar ilgari e’lon qilingan, uning o‘tmishdoshi Jo Bayden davrida tibbiy sug‘urta uchun ortiqcha to‘lov qilgan deb hisoblangan taxminan 1 million amerikalikka mablag‘larni qaytarish dasturi bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan. 10 sentyabrda ushbu rejalarni e’lon qilar ekan, Tramp uning “ma’muriyati to‘g‘ri ish tutayotganini va nohaq shilingan odamlarga pullarni qaytarayotganini” aytgan. Gap byudjetga umumiy hisobda taxminan 500 million dollarga tushadigan 500 dollarlik bir martalik to‘lovlar haqida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘shanda Tramp, agar Respublikachilar partiyasi oraliq saylovlar yakunlari bo‘yicha Vakillar palatasi va Senat ustidan nazoratni saqlab qolsa, har bir voyaga yetgan amerikalikka 5 ming dollardan to‘lab berishga va’da bergan edi. Prezident partiyasi g‘alaba qozongan taqdirda saylovchilarga 1 trillion dollardan ortiq davlat mablag‘larini tarqatishni ko‘zda tutadigan ushbu va’dani Oq uy rahbari Dallasdagi respublikachilar s’ezdi minbaridan turib bergan edi.
Live
Barchasi