Tramp 19 davlat fuqarolariga taqiq qo‘ydi. Ular orasida turkmanistonliklar ham bor

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp 12 davlat fuqarolarining AQSHga kirishini taqiqlovchi farmonni imzoladi. Respublikachi bu qarorini kecha, 4 iyun kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Batafsil press-reliz Oq uy saytida ham chop etildi.

Umumiy taqiq 12 davlat fuqarolariga taalluqlidir: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman. Qo‘shma Shtatlarda qonuniy doimiy rezidentlar va amaldagi vizalar egalari uchun istisnolar mavjud. Davlatlar ro‘yxati AQSH Davlat departamenti yanvar oyidan buyon o‘tkazayotgan tahlilga asoslangan.

Qisman taqiq esa Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela fuqarolariga tegishli. Ularga tashrif va talaba vizalari berilmaydi. Biroq, masalan, amerikalik qarindoshlar bilan ishlash yoki qayta birlashish uchun vizalar saqlanib qoladi.

Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralarni joriy etishga Kolorado shtatining Boulder shahrida yahudiy faollariga qarshi uyushtirilgan hujum sabab bo‘lgan. 

Xotini va bolalari bilan AQSHda noqonuniy yashab kelgan 45 yoshli Misr fuqarosi “Falastinga ozodlik!” deb hayqirar ekan, olomon orasiga molotov kokteyli uloqtirgan. 15 kishi, jumladan, Xolokostdan omon qolgan nafaqaxo‘r yaralangan.

“XXI asrda biz butun dunyo bo‘ylab xavfli joylardan kelgan, muddati o‘tgan vizasi bo‘lgan xorijliklar tomonidan sodir etilgan terrorchilik xurujlarini ko‘rdik va ko‘rishda davom etamiz”, dedi AQSH Prezidenti. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda bunday odamlar millionlab. Tramp teraktlar haqida gapirar ekan, “Yevropada sodir bo‘lgan voqealar Amerikada bo‘lishiga” yo‘l qo‘ymasligini aytdi. 

“Taqiqlanganlar ro‘yxatiga yana ko‘p mamlakatlar qo‘shilishi mumkin”, deya tahdid qildi u.

Donald Tramp o‘zining birinchi muddatida xuddi shunday taqiqni Kuba, Chad, Eron, Liviya, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Suriya, Venesuela va Yaman fuqarolariga qo‘ygan edi. Bu chora Jo Bayden tomonidan bekor qilindi. Bu safar esa Shimoliy Koreya va Suriya to‘liq yoki qisman taqiqga kiritilmadi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu chora uning birinchi muddatida “o‘ta muvaffaqiyatli” bo‘lgan va Qo‘shma Shtatlardagi teraktlarning oldini olgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing