Tojikistonlik erkak Moldovadagi aeroportda otishma sodir etdi
Olam
−
30 iyun 2023
8494Moldovaning Kishinyov aeroportida asli tojikistonlik Rossiya fuqarosi otishma sodir etishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy “Point.md” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kishinyovga kelgan 43 yoshli asli tojikistonlik Rossiya fuqaroligiga ega erkakning Moldovaga kirishi taqiqlangan. Aeroport xodimlari tomonidan steril zonaga kuzatib qo‘yilayotgan paytda u xodimlardan birining to‘pponchasini tortib olgan va o‘q uzgan. Oqibatda bir nafar chegara politsiyasi xodimi hamda bir nafar aerport qo‘riqchisi halok bo‘lgan, yo‘lovchilardan biri esa jarohat olgan. Bu vaqtda uning o‘zi ham jarohat olib, keyinchalik qo‘lga olingan.
Favqulodda hodisa bartaraf etilgunga qadar Kishinyov aeroportidagi yo‘lovchilar evakuatsiya qilinib, barcha reyslar qoldirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, otishma sodir etgan shaxs Kishinyovga Turkiyadan uchib kelgan. Uning nima sababdan bu ishni qilgani hozircha aniq emas. Ayblanuvchiga nisbatan terakt sodir etganlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Otishmadan so‘ng mamlakat Prezidenti Maya Sandu huquq-tartibot idoralarini shay holatga keltirdi. Voqeaga nisbatan Moldova Bosh vaziri Dorin Rechan ham munosabat bildirib, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik izhor qilgan.
“Kishinyov xalqaro aeroportida jiddiy xavfsizlik hodisasi. Tojikistonlik 43 yoshli fuqaroga xavfsizlik nuqtai nazaridan Moldova Respublikasiga kirish taqiqlandi. Qaytish uchun steril zonaga kuzatib borish paytida u chegara politsiyasi xodimidan o‘g‘irlangan qurol bilan chegara politsiyachisi va aeroport xavfsizlik xodimini otib o‘ldirgan. Yana bir kishi – yo‘lovchi jarohatlangan va shifokorlar tomonidan davolanmoqda. Halok bo‘lganlarning oila a’zolariga samimiy hamdardlik bildiraman. Hukumat zarur yordam bilan ko‘maklashadi. Davlat organlarining xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlashga safarbarlik darajasi oshirildi. Politsiya ishni tergov qilmoqda va barcha tafsilotlarni beradi”, deydi Dorin Rechan.
LiveBarchasi