Tojikistonga pul o‘tkazgan eronlik milliarder o‘lim jazosidan qutilib qoldi
Olam
−
02 may
30311Eron sudi 2013 yili davlat neftini sotishdan tushgan 2 milliard dollarni o‘zlashtirishda ayblangan milliarder Babak Zanjoniyga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmini bekor qildi. Bu haqda "Asia-Plus" xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘lim hukmi 20 yillik qamoq jazosi bilan almashtirilgan.
Eron sud tizimi matbuot kotibi Asgar Jahongirning tushuntirishicha, bunday qaror Zanjoniy tergov bilan faol hamkorlik qilgani, mulkini davlatga qaytarib bergani va qarzlarni to‘lagani uchun qabul qilingan. Ushbu harakatlardan keyingina mahbusga afv so‘rashga ruxsat berilgan.
Mulozimning ta’kidlashicha, o‘lim jazosi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning roziligi bilan 20 yillik qamoq jazosiga almashtirilgan.
Milliarderning advokati Rasul Kuxpoyezoda, o‘z navbatida, mijozi o‘n yildan ortiq qamoqda o‘tirgani sababli, shartli ravishda ozodlikka chiqish bo‘yicha ariza berishga haqli ekani, himoya tomoni endi shu ish bilan shug‘ullanishini ta’kidlagan.
Joriy yilning mart oyi boshida Eron Markaziy banki Zanjoniyning barcha valyuta aktivlari davlat byudjetiga o‘tkazilgani haqida bayonot bergan. Biroq, bank g‘aznaga o‘tkazilgan aktivlar miqdorini e’lon qilmagan. Ma’lumki, 2013 yili hibsga olinishidan oldin tadbirkorning boyligi 14 milliard dollarga baholangan.
2015 yili tergov davomida Eron politsiyasi Tojikiston Milliy bankining (TMB) Zanjoniy firibgarligiga aloqadorligini e’lon qilgan, gumondor BMT sanksiyalarini chetlab o‘tib, qora bozorda sotilgan neftdan tushgan pullarni ushbu bank orqali olib o‘tgan.
Biroq, Markaziy Osiyo respublikasi bosh moliya tuzilmasining o‘sha paytdagi rahbariyati bu ayblovlarni rad etgan. Rasmiylarning asosiy dalillariga ko‘ra, 2 milliard dollar mamlakat byudjetidan ko‘proq mablag‘ bo‘lib, buni yashirishning hecham iloji yo‘q.
Ma’lumot uchun, Babak Zanjoniy 2013 yil 31 dekabrida iqtisodiy jinoyatlar va pul yuvishda gumonlanib hibsga olingan. 2016 yili u o‘limga hukm qilingan.
LiveBarchasi