Tojikistonda o‘rta asrlarga oid qadimiy manzilgoh topildi
Bu qiziq
−
01 noyabr 2025 6397 2 daqiqa
Tojikistonning Xatlon viloyati Shamsiddin Shohin tumanidagi Langardara hududida tojikistonlik arxeologlar Qadimgi Xuttal markazlaridan biri hisoblangan o‘rta asrlarga oid Andicharog shahri xarobalarini topdi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Tojikiston hukumati huzuridagi Tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish agentligi rahbari Sherali Xo‘jazodaning so‘zlariga ko‘ra, qadimiy shaharning markaziy qismi maydoni taxminan 14 gektarni tashkil etadi.
Qazishmalar natijasida hunarmandchilik rivojini aks ettiruvchi yuzdan ortiq artefakt topildi: kulolchilik va temirchilikdan yog‘och o‘ymakorligi va tanga zarb etishgacha.
Topilmalar orasida qadimiy tangalar, qo‘l va suv tegirmon toshlari, yuqori ishlov berish darajasi bilan ajralib turadigan yog‘och konstruksiya elementlari mavjud.
%20copy(26).jpg)
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Andicharog Panj daryosining o‘ng qirg‘og‘ida, Varvalak (Varvaliz) tog‘i etagida, hozirgi Mo‘minobod va Shamsiddin Shohin tumanlari chegarasida joylashgan.
Arxeologlar, shuningdek, qadimiy madrasaning parchalarini ham topdi, unda o‘yilgan ustunlar va bezak hamda yozuvlar bilan bezatilgan elementlar saqlanib qolgan. Asosiy binoning balandligi olti metrga yetgani aytiladi, bu murakkab shaharsozlik va yuqori darajadagi badiiy mahoratdan dalolat beradi.
Xo‘jazodaning so‘zlariga ko‘ra, yangi topilmalar Tojikiston sivilizatsiyasining moddiy madaniyati boyligini ko‘rsatadi va mintaqadagi arxeologik kashfiyotlar zanjirini davom ettiradi.
“Tarixiy obidalarni tiklash nafaqat ilmiy ish, balki ma’naviy missiya hamdir. Prezidentimiz Imomali Rahmonning e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz tarixning unutilgan sahifalarini hayotga qaytaryapmiz, milliy g‘urur va o‘tmishga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlayapmiz”, dedi u.
Qadimgi Xuttal obidalari avvalroq UNESCO’ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, bu ularning jahon madaniyati uchun ahamiyatini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Vayoming shtatida Chikago universiteti olimlari 66 million yil avval yashagan Edmontosaurus annectens turiga mansub ikki dinozavr qoldiqlarini topgandi.
Live
Barchasi