Tojikistonda sobiq tashqi ishlar vaziri 27 yilga qamaldi
Olam
−
05 fevral
11901Bugun, 5 fevral kuni Tojikiston Oliy sudi davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha ayblov doirasida sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiyni 27 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Asia Plus” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, eng uzoq muddat – 27 yillik qamoq jazosi sobiq vazirga, shuningdek, parlamentning sobiq deputati va Tojikiston demokratik partiyasi raisi Saidjafar Usmonzodaga berilgan. Sud Demokratik partiya raisining sobiq o‘rinbosari, jurnalist Ahmadshoh Komilzodani 18 yilga, Sotsial-demokratik partiya raisi o‘rinbosari, huquqshunos Shokirjon Hakimovni 18 yilga, jurnalist va Shokirjon Hakimovning jiyani Ruxshona Hakimovani 8 yilga hukm qilgan.
Ushbu ishga aloqadorlardan biri, sobiq qo‘mondon Jamshid Boyev qanday jazo olgani ma’lum qilinmagan.
“Sud qarori asosida Hamroxon Zarifiy va Saidjafar Usmonzodaning mol-mulki musodara qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 yanvar kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi tergov izolyatorida bo‘lib o‘tgan sud majlisida “davlat to‘ntarishi ishi”ga aloqador taniqli shaxslar hukm e’lon qilinishidan avval o‘z aybini tan olmasligini bildirgandi. Tojikiston sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy nafaqaga chiqqanidan keyin o‘zini butunlay ilm-fanga bag‘ishlagani va siyosatdan uzoqlashganini aytgan. Tojikiston Respublikasi sotsial-demokratik partiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, advokat Shokirjon Hakimov ham o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, u “haqiqiy vatanparvar, o‘z hayotini davlat va xalq muammolarini hal etishga bag‘ishlagan”ini ta’kidlagan. Yakuniy so‘zlarni aytganlarning barchasi suddan ularni ozod qilishni so‘ragan.