Tojikistonda “ro‘mol reydi” boshlandi

Olam

image

Tojikistonning Panjakent shahrida mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar milliy an’analarga mos kelmaydi deb baholangan kiyimlarga qarshi reydlar o‘tkazmoqda. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.

Qayd etilishicha, 4 avgust kuni Xalq demokratik partiyasining mahalliy bo‘limi tomonidan e’lon qilingan suratlarda rasmiylar soch, bo‘yin va yelkani yopib turadigan musulmon ro‘molini taqqan ayollar va qizlar bilan suhbatlashayotgani, ular yonida esa militsiya xodimi turganini ko‘rish mumkin.

Hokimiyat bu kampaniyaning maqsadi “begona madaniyat kirib kelishining oldini olish va milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolish” ekanini bildirgan. Biroq reydlar qancha ayol va qizlarni qamrab olganiga aniqlik kiritilmagan.

Manbaga ko‘ra, hijob kiyib yuradigan va hokimiyat vakillari bilan suhbatdan o‘tgan ayrim ayollar ishi yoki shaxsiy hayotida muammolar yuzaga kelishidan xavotirlanib, jurnalistlarga suhbat tafsilotlarini ochiqlashdan bosh tortgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil iyun oyida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon “Bolani o‘qitish va tarbiyalash uchun javobgarlik to‘g‘risida”gi qonun hamda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarni imzolagan. Ularga muvofiq, “milliy madaniyatga yot” deb baholangan kiyimlarni olib kirish, sotish, targ‘ib qilish va kiyish taqiqlangan. Bu talablarni buzganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan.

Markaziy Osiyo qonunchiligidagi “o‘ziga xos” va o‘xshash jihat bo‘lgani kabi, bir qator “mavhum” qonunlar qatori Tojikiston qonunchiligida “yot kiyim” tushunchasiga ham aniq ta’rif berilmagan. Biroq amaliyotda hokimiyat organlari ayollar hijobi va boshqa diniy liboslarni taqiqlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya joriy yilning 7-8 iyul kunlari NATO sammitiga mezbonlik qilishi fonida mamlakatning birinchi xonimi – Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bundan 22 yil avval Turkiyada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida davlat va Hukumat rahbarlarining rasmiy qabul marosimiga faqatgina boshida ro‘moli bo‘lgani uchun kiritilmagani, oradan yillar o‘tib, bunday qabul marosimi uning o‘zi tomonidan tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.


 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing