Kurs UZS

USD

12 970.19

-11.06

EUR

13 572.01

-25.85

RUB

142.20

0.03

Tojikistonda mobil internet narxlari pasaytiriladi

Olam

image

Tojikiston Aloqa xizmatining yangi rahbari Isfandiyor Sa’dullo mamlakatda yaqin orada internet narxlarining arzonlashishiga va’da berdi. Bu haqda u bugun, 29 yanvar kuni jurnalistlar bilan bo‘lgan matbuot anjumanida aytdi.

Tojikiston uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyodagi eng qimmat internetga ega davlatlardan biri maqomini mustahkam egallab kelmoqda. Mintaqadagi internet uchun to‘lovni faqat Turkmaniston ko‘proq to‘laydi.

“Global Relocate” tomonidan tuzilgan 2024 yil uchun internet-trafik narxi reytingiga ko‘ra, Tojikiston 1 gigabayt uchun o‘rtacha 1,65 dollarlik narx bilan dunyoning 238 ta davlati orasida 142-o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun, Qirg‘izistonda 1 gigabayt o‘rtacha 0,17 dollar (dunyoda 8-o‘rin), O‘zbekistonda – 0,30 dollar (22-o‘rin), Qozog‘istonda – 0,41 dollar (35-o‘rin) turadi. Boshqacha aytganda, Tojikistonda internet Qirg‘izistonnikidan deyarli 9,5 barobar, O‘zbekistonnikidan 5,5 barobar, Qozog‘istonnikidan 4 barobar qimmatroq.

Shu bilan birga, “Speedtest Global Index” reytingida 2024 yilning iyul oyi holatiga ko‘ra, Tojikiston mobil internet eng sekin bo‘lgan dunyoning 5 ta davlati (dunyoning 143 mamlakati orasida 139-o‘rin) qatoriga kirdi va simli internet tezligi bo‘yicha u dunyoning 181 davlati orasida 131-o‘rinni egalladi.

Aloqa xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatning telekommunikatsiya sohasi daromadi 2023 yilga nisbatan 11,3 foizga oshgan va 4,3 milliard somoniyni tashkil qilgan.

Sa’dulloning ta’kidlashicha, so‘nggi bir necha yil ichida mamlakatda internet sifati yaxshilangan, biroq foydalanuvchilar soni ko‘paygan va bu qo‘shimcha “yuk tug‘dirgan”.

Tojikiston Respublikasida internetdan (mobil va statsionar) foydalanuvchilar soni 4,5 million kishini tashkil etadi.

Isfandiyor Sa’dullo mamlakatdagi internet muammosi to‘liq hal bo‘lishi uchun aniq qancha vaqt ketishiga aniqlik kiritmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda uchta mobil kompaniya 5G internet bilan tajriba o‘tkazmoqda.

Mamlakatda 8 million mobil va statsionar aloqa foydalanuvchilari mavjud bo‘lib, ularning 5 milliondan ortig‘i faol abonentlardir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili aloqa sifatini oshirish maqsadida 798 ta yangi baza stansiyalari o‘rnatilib, 300 kilometr optik tolali liniyalar yotqizilgan. Shu bilan birga, foydalanuvchilar o‘tgan yil davomida internet tezligi pastligi va aloqa uzilishlari haqida shikoyat qilishda davom etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning aprel oyida mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi asosida mobil internet mavjudligini baholovchi Mobil ma’lumotlarning arzonligi indeksida (Mobile Data Affordability Index) O‘zbekiston 179 davlat orasida 43-o‘rinni egallagandi. O‘shanda MDH davlatlaridan mobil internet mavjudligi bo‘yicha Rossiya 26, Armaniston 55, Belarus 61, Qozog‘iston 63, Qirg‘iziston 90, Ozarbayjon 114, Tojikiston 163-o‘rinni egallagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Markaziy Osiyo Isfandiyor Sa'dullo internet narxlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing