Tojikistonda qurilishi 12 yil avval boshlangan masjid ochiladi

Olam

image

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri markazida Qatar davlati mablag‘lari evaziga qurilgan eng yirik masjid ochiladi. Bu haqda Tojikistonning din ishlari, urf-odatlar va marosimlarni tartibga solish qo‘mitasi manbasiga tayanib, “Asia-plus” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, masjidning ochilish marosimi joriy yilning 8 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Tojikiston va Qatar davlatlari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

“Qatar Amiri Tamim ibn Hamad Al Tani Tojikistonga iyun oyi boshida rasmiy tashrif bilan keladi. 8 iyun kuni mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon va Amir ushbu masjid ochilishida qatnashishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Mamlakat rasmiylari Qatar delegatsiyasining Tojikistonga tashrifini tasdiqlagan, ammo kimlar kelishi hozircha noma’lum.

Joriy yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakat din ishlari, urf-odatlar va bayramlarni tartibga solish qo‘mitasi rahbari Sulaymon Davlatzoda ushbu masjid 2023 yilning ikkinchi choragida ochilishini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, bu Tojikistondagi eng katta masjid bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida 100 000 dan ortiq kishining ibodat qilishi uchun mo‘ljallangan. Masjid qurilishi 2011 yil oktyabr oyida boshlangan va 8 yil davom etgan. Qurilish 2019 yilda qurib bitkazilgan va o‘sha yilning noyabr oyida ochilishi kerak edi. Ammo keyinchalik ochilish marosimi 2020 yilning mart oyiga, keyin esa pandemiya tufayli noma’lum muddatga qoldirilgan.

Loyihaning qiymati qariyb 100 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 30 million AQSH dollari Tojikistonning hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, qolgan qismi Qatar davlati tomonidan amalga oshirilgan.

Masjid 12 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, ibodat joylari, kutubxona, muzey, yig‘ilish va qabul xonalari, ma’muriy binolar, oshxona va 500 ta avtomobil uchun avtoturargohni o‘z ichiga oladi. U me’moriy san’atning qadimiy va zamonaviy elementlarini hisobga olgan holda qurilgan va balandligi 75 metr bo‘lgan 4 ta minora va 47 metrli gumbazdan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston masjid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing