Tojikistonda Qatar pullariga qurilgan MOdagi eng katta masjid ochildi
Olam
−
09 iyun 2023 14920 2 daqiqa
Kecha, 8 iyun kuni Dushanbe shahrida Markaziy Osiyodagi eng yirik masjidlardan biri ochildi. Bu haqda “Xovar” nashri xabar berdi.

Keltirilishicha, ochilish marosimida mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon va davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘lgan Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ishtirok etgan. Dushanbening yangi markaziy masjidi 12 gektar maydonni egallagan. Bino uch gektar maydonda joylashgan va uchta katta kirish eshigi bor. Masjid bir vaqtning o‘zida 133 ming kishini sig‘dira oladi, shundan 43 mingi bino ichida, qolgani uning atrofida bo‘ladi.

Masjid balandligi 74 metr bo‘lgan 4 ta minora, 21 metrlik ikkita kichik bezakli minora, balandligi 43 metrli katta gumbaz va 35 metrli 17 ta kichik gumbazdan iborat. Masjid ichida 6 ta keng darsxona, mehmonlarni qabul qilish va majlislar o‘tkazish zali, 2 kutubxona, 9 ta o‘quv xonasi, 3 ta mehmonxona va texnik xona mavjud.
“Bu nafaqat masjid, balki islom madaniyati va tarixining zamonaviy poydevori, zallari shunday qurilganki, ularda turli darajadagi ilmiy-madaniy tadbirlar va anjumanlar o‘tkaziladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, masjid qurilishi 2011 yil 5 oktyabrda boshlangan va 2019 yil kuzida yakunlangan. Ochilish marosimi 2020 yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli u qoldirilgan. Joriy yilning fevral oyida Tojikiston Din ishlari, milliy an’analar, bayram va marosimlarni tartibga solish qo‘mitasi masjidning ochilish marosimi Qatar amirining tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi.

Masjid loyihasi deyarli 100 million AQSH dollariga tushgan. Shundan 30 million dollari Tojikiston tomonidan, 70 millioni Qatar hukumati tomonidan ajratilgan.
Live
Barchasi