Tojikistonda diniy liboslar rasman taqiqlandi
Olam
−
22 iyun
16218Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bayram va marosimlarni tartibga solish hamda milliy qadriyatlarga yot kiyim kiyishni rasman taqiqlovchi qonunlarning yangi tahririni tasdiqladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Tojikiston rahbari 35 ta qonunni, jumladan, bayram va marosimlarni tartibga solish hamda ota-onalarning farzandlar ta’lim va tarbiyasi uchun javobgarligi, isrofgarchilikni, musulmon bayramlarida bolalarning an’anaviy bayramlarini o‘tkazishni va ayollarning tojik milliy madaniyatiga zid bo‘lgan kiyim kiyishini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunlarning yangi tahririni qabul qildi.
Imomali Rahmon 2024 yil mart oyida jamoat va din arboblari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda milliy liboslar o‘z xalqining o‘tmishdagi moddiy va ma’naviy qadriyatlarini aks ettirishi, dunyo tojiklarning milliy kiyim-kechak shakli va uslubidan xalqni tanib olishi lozimligini ta’kidlagan edi. U, shuningdek, tojik milliy liboslari jahon miqyosida, jumladan, UNESCO tomonidan e’tirof etilganini eslatdi.
“Kiyim-kechakda yot madaniyatga taqlid qilish, ya’ni “satr” va “hijob” deb atalmish yot kiyim kiyish jamiyatimiz uchun yana bir dolzarb muammodir. Odob-axloq va kiyinish an’analarining begonalashuvi – tafakkur mustaqilligiga putur yetkazuvchi madaniy begonalashuvdir”, deydi Tojikiston yetakchisi.
U respublika Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasiga tojik dizaynerlari bilan birgalikda tojik ayollarining diniy va axloqiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda milliy liboslar dizaynini ishlab chiqish va taqdim etish to‘g‘risida topshiriq berdi.
“Shu nuqtayi nazardan haqiqatimiz va milliy qadriyatlarimizni himoya qilish uchun diniy ehtiyojlarimizga javob bermaydigan, urf-odat va madaniyatimizga yot, diniy liboslar kirib kelishidan qochishimiz kerak”, deya ta’kidladi Rahmon.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning may oyida Tojikiston parlamentining quyi palatasi, 19 iyunda esa yuqori palata 2007 yilda “Respublikadagi marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga tojik madaniyatiga yot kiyim-kechaklarni olib kirish, sotish va kiyishni taqiqlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritishni tasdiqladi.
Bundan tashqari, bolalar xavfsizligi va ularning tarbiyasini ta’minlash maqsadida musulmonlarning Qurbon va Ramazon hayiti bayramlarida bolalarning uyma-uy yurib, aholidan shirinlik olish an’analariga taqiqlovchi tuzatishlar ham kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Ulamolar kengashi raisi Saidmukarram Abduqodirzoda “xorijiy kiyim” (diniy liboslar)ni taqiqlovchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagandi.
LiveBarchasi