Tojikistonda cho‘kib ketgan 10 yoshli qizning jasadi O‘zbekistondan topildi

Olam

image

O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi kanallardan biridan Tojikistonda bir oydan ko‘proq vaqt oldin g‘oyib bo‘lgan 9 yoshli qizning jasadi topildi. Bu haqda “Asia-Plus” nashri xabar berdi. 

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo‘mitasi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligidan qizni topishda yordam so‘ragan.

Tojikiston tomonining so‘roviga asosan joriy yilning 2-12 mart kunlari O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining g‘avvos-qutqaruv xizmati Sirdaryoda qidiruv ishlarini olib borgan. Qidiruvga O‘zbekistonning Sirdaryo viloyati Shirin shahri yaqinidagi qishloqlar aholisi ham jalb qilingan.

“Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida qizning jasadi 12 mart kuni soat 15:15 da Sirdaryo viloyati Shirin shahri hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Mirzacho‘l kanalining o‘ng qirg‘og‘idan topildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, hozirda O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq qizning jasadi Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi tibbiyot muassasasi o‘likxonasiga topshirilgani, so‘ngra qarindoshlariga berilgani qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qizaloq 2024 yil 7 fevral kuni Xo‘jandda g‘oyib bo‘lgan. Uni oxirgi marta Sirdaryo sohilidagi Kamoli Xo‘jandi bog‘i yaqinidagi Rahmon Nabiyev ko‘chasidan olingan videoda ko‘rishgan.

Uning uyi shu hududda bo‘lgan. Videoda qizning yo‘l bo‘ylab yugurib, daryo qirg‘og‘iga tushib qolganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng u g‘oyib bo‘ladi.

Butun fevral oyi davomida yo‘qolgan qizning jasadini qidirish ishlari Xo‘jand va So‘g‘d viloyati favqulodda shtablari tomonidan olib borilgan. Shahar va tuman boshqarmalarining tezkor otryadidan g‘avvoslar jalb qilingan.

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo‘mitasining So‘g‘d bo‘yicha rahbariyati uzoq davom etgan qidiruvlardan so‘ng yetarli dalillar yo‘qligi sababli qiz daryoga cho‘kib ketmagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilganiga qaramay, qizning ota-onasi farzandining cho‘kib ketganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston jasad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing