Tojikistonda ham maska taqmaganlik uchun jarima belgilandi
Olam
−
08 iyul 2020
6375Tojikistonda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kuchga kirdi. Unga ko‘ra, tibbiy niqob taqmaganlik uchun jarimalar belgilandi.
Endilikda tibbiy niqob taqmaganlar 116 somoni (11,26 AQSH dollari)dan 290 somoni (28,14 AQSH dollari)gacha jarimaga tortiladi. Shuningdek, ushbu tartib yuqumli kasalliklar, jumladan koronavirus pandemiya davrida buzilsa, qamoq jazosiga hukm etishga sabab bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, mamlakatda OAV va internet orqali yuqumli kasalliklar haqida yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun ham javobgarlik oshirildi. Unga ko‘ra, OAV va internet orqali xavfli yuqumli kasalliklar, shu jumladan koronavirus haqida yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun jismoniy shaxslar uchun 580 somoniy (56,28 AQSH dollari)dan va yuridik shaxslar uchun 11 ming 600 somoniy (1125,52 AQSH dollari)gacha jarima solinadi.
Parlamentning yuqori palatasi ushbu o‘zgartishlar bugun, 8 iyuldan e’tiboran kuchga kirganini va pandemiya munosabati bilan shunday qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Tojikistonda koronavirusga chalinganlar 6 262 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 53 nafari vafot etgan, 4 914 kishi sog‘aygan.
LiveBarchasi