Tojikiston O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi

Jamiyat

image

Tojikiston suv zaxirasini to‘ldirish uchun O‘zbekiston va Afg‘onistonga elektr energiyasi uzatishni to‘xtatmoqda. Bu haqda Tojikiston Prezidenti saytida mamlakat hukumati tomonidan e’lon qilingan murojaatda ma’lum qilingan.

“Bugun biz xalqaro shartnomalarda belgilangan muddatdan oldin O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasiga elektr energiyasini yetkazib berishni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Hukumat cheklov haqidagi ushbu qarorga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni so‘rab, mamlakatning barcha aholisiga murojaat qiladi. Hozirgi qiyin vaziyatda mazkur ish qish mavsumida elektr energiyasi ta’minotidagi muammolardan qochishimizga yordam beradigan yagona chora hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Tojikiston nafaqat qo‘shnilari, balki mamlakat ichkarisida ham elektr energiyasi ta’minotiga cheklov joriy qilyapti. 

“Tojikiston Respublikasi hukumati mamlakat aholisiga murojaat qiladi va “Barqi tojik” kompaniyasi tomonidan Nurek suv omborida ko‘proq suv zaxira qilish uchun kiritilayotgan elektr energiyasi ta’minotidagi mazkur cheklovni to‘g‘ri qabul qilishni so‘raydi”, deyilgan hukumat murojaatida.

Shuningdek, mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, har bir fuqaro, har bir oila, barcha muassasa va tashkilotlar, kompaniya hamda korxonalar elektr energiyasidan tejab foydalanishi shartligi aytiladi.

Murojaatda Panj daryosida suv oqimi avvalgi yillarga qaraganda 2 ming kub metrga, Vaxsh daryosida 800 kub metrga, ya’ni 50 foizga kam ekani qayd etilgan. Nurek suv omborida suv zaxirasi o‘tgan yilga nisbatan 17 metrga pasayib ketgan.

Agar bu holat yana davom etsa, u holda qish mavsumida suv omboridagi suv zahirasi keskin kamayadi, natijada aholi va xalq xo‘jaligi tarmoqlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashda jiddiy muammolar yuzaga keladi. Shu sababli, hukumat o‘z murojaatida kuz-qish davrida aholi elektr energiyasi ta’minotida muammoga duch kelmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotgani ta’kidlagan.

Avvalroq, "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ Tojikistondan elektr energiyasi kelishi kamayganini ma’lum qilgandi. Bu kamchilikning o‘rnini to‘ldirish uchun esa Turkmanistondan elektr energiyasi importi ko‘paytirildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Tojikiston

Baholaganlar

263

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing