Tojikiston O‘zbekistonga avtobus qatnovini tiklaydi
Olam
−
16 Oktabr 2021
5568O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Xo‘jand-Toshkent-Xo‘jand avtobus yo‘nalishi qayta tiklanadi. Joriy yilning 18 oktyabridan Xo‘janddan Toshkentga kelish va Toshkentdan Xo‘jandga qaytish mumkin bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, chegarani kesib o‘tishda yo‘lovchilarda COVID-19 ga qarshi emlash sertifikati bo‘lishi kerak, agar u yo‘q bo‘lsa, ular ekspress-testdan o‘tadi.
Asian Express transport kompaniyasining Xo‘janddagi vakili Anvar G‘iyosovga ko‘ra, dastlab avtobuslar bir kunda bir marta qatnaydi. Mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da jo‘nash amalga oshiriladi.
Kompaniya vakiliga ko‘ra, kelajakda agar xohlovchilar ko‘p bo‘lsa, reyslar kuniga 2-3 martagacha oshiriladi. Bir tomonlama sayohat narxi — 100 somoniy.
Toshkentning oxirgi bekati Sobir Rahimov avtovokzali bo‘ladi. Xo‘jandga qaytish reysi ham o‘sha yerdan soat 18:00 da, qishda esa 16:00 da amalga oshiriladi.
“Butun yo‘nalish mas’ul tuzilmalar va bo‘limlar bilan kelishilgan. Bizda tojik-o‘zbek chegarasini kesib o‘tishda “yashil” yo‘lak bor. Umid qilamizki, chegarada hech qanday muammo bo‘lmaydi”, degan Anvar G‘iyosov.
Shuningdek, joriy yilning 20 oktyabridan boshlab Panjikentdan avtobusda Samarqand va Buxoroga borish mumkin bo‘ladi.
LiveBarchasi