Tojikiston Mudofaa sanoati qo‘mitasini qayta tikladi

Olam

image

Tojikistonda oradan 24 yil o‘tib mamlakat hukumati huzurida Mudofaa sanoati qo‘mitasi qayta tashkil etildi. Tegishli qarorni mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon imzoladi. 

Hujjatga ko‘ra, qo‘mita markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni texnik xodimlarni hisobga olmaganda 38 kishini tashkil etadi. Sakkizta lavozim harbiy xizmatchilar uchun ko‘zda tutilgan. Yangi idoraga raisning ikki nafar o‘rinbosari, jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari, shuningdek, yetti kishidan iborat hay’at a’zolariga ega bo‘lishga ruxsat berilgan. Qo‘mita faoliyati uchun to‘rtta xizmat avtomobili ajratilishi lozim.

Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasiga yangi idorani ma’muriy bino bilan ta’minlash, Moliya vazirligiga esa respublika byudjetidan mablag‘ ajratish topshirilgan. Qo‘mita to‘g‘risidagi nizomning to‘liq matni, uning tuzilmasi va bo‘ysunuvidagi tashkilotlar ro‘yxati hozircha e’lon qilinmagan.

Bungacha mudofaa sanoati masalalari Tojikiston Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi vakolatiga kirgan. Endilikda tegishli vakolatlar ushbu idoradan olib tashlanadi: Sanoat vazirligi to‘g‘risidagi nizomdan mudofaa sanoati bilan bog‘liq bandlar va iboralar chiqarib tashlanadi.

Ma’lumot uchun, Mudofaa sanoati qo‘mitasi Tojikistonda ilgari ham mavjud bo‘lgan: u 1997 yilda tashkil etilib, 2002 yilda tugatilgan va vazifalari Sanoat vazirligiga o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda mamlakatda mudofaa sanoati sohasiga oid kamida bitta korxona faoliyat yuritayotgani ma’lum. 2023 yilning may oyida Tursunzoda shahrida “Sipar Grupp” korxonasi ishga tushirilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyat yo‘nalishi maxsus harbiy va fuqarolik texnikalarini yig‘ishdan iborat deb ko‘rsatilgan.

Davlat investitsiya qo‘mitasining xabar berishicha, korxona 15 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar hisobiga qurilgan. Uning yillik ishlab chiqarish quvvati Tojikiston Qurolli kuchlari uchun 120 tagacha maxsus texnika yetkazib berish darajasida ekanligi bayon qilingan. Shuningdek, maxsus transportning 17 turini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish va istiqbolda mahsulotni xorijga eksport qilish rejalari haqida ham xabar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Mudofaa sanoati qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing