Tojikiston qulay tranzit zonaga aylanishni rejalashtirmoqda – Imomali Rahmon
Olam
−
14 Sentabr 2023
3818Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Markaziy Osiyo davlatlari yirik transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga intilishi kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 14 sentyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, Tojikiston qulay tranzit hududiga aylanishi va ushbu hududni rivojlantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.
“Buning uchun biz o‘z hududimiz orqali sharqdan g‘arbga, shimoldan janubga o‘tadigan ustuvor va xalqaro ahamiyatga molik savdo tranzit yo‘laklarini belgilab oldik. Xalqaro yuk tashishni rivojlantirishdan maksimal samara olish uchun tegishli konsepsiya ishlab chiqishni taklif qilamiz”, degan Imomali Rahmon.
Shuningdek, Tojikiston Prezidenti jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik, pandemiya va boshqa omillarga qaramay, Markaziy Osiyo mintaqasida ijobiy tendensiya kuzatilayotgani va o‘zaro tovar ayirboshlash statistikasi buni tasdiqlashini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojikistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 1,5-2 baravar oshgan, o‘tgan yil oxirida respublika umumiy savdo hajmidagi Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 30 foizni tashkil etgan.
“Biz birgalikda o‘sishning yangi nuqtalarini aniqlashimiz va iqtisodiy yo‘nalishda strategik yutuq uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak. Mintaqa iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi kerak”, degan Tojikiston rahbari.
Bundan tashqari, Imomali Rahmon Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, sanoat va yangi texnologiyalarni faol joriy etish bo‘yicha hamkorlikka oid alohida dasturlar ishlab chiqishni taklif qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Shu kunlarda Orol dengizi havzasida ekologik inqirozni bartaraf etish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida 1993 yilda tashkil etilgan IFAS Kengashining majlisini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari, bundan tashqari faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham ishtirok etmoqda. Avvalgi uchrashuvlar, 2018 yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida, 2019 yilda O‘zbekistonning Toshkent shahrida, 2021 yilda Turkmanistonning Avaza shahrida va 2022 yilda Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan.
LiveBarchasi