Tojikiston afg‘on qochqinlarining ommaviy deportatsiya qilinishini tan oldi
Olam
−
22 iyul 3456 2 daqiqa
Tojikiston rasmiylari respublikada istiqomat qilayotgan afg‘on qochqinlarining ommaviy deportatsiya qilingani faktini rasman tasdiqladi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “mintaqadagi va jahondagi murakkab siyosiy va iqtisodiy vaziyat” fonida chet elliklarning mamlakatga kirib borishi sezilarli darajada oshgan. Shu bilan birga, ko‘plab migrantlar mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan.
Tekshiruvlar davomida ko‘plab migratsiya rejimini buzish holatlari, jumladan, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, ekstremizmni targ‘ib qilish, qochqin maqomini olish uchun hujjatlarni qalbakilashtirish, Tojikistondan tranzit hudud sifatida foydalanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan qonunbuzarlarni respublika hududidan chiqarib yuborish choralari ko‘rilayotgani alohida ta’kidlangan. Xususan, bu Afg‘oniston fuqarolarining ma’lum bir qismini deportatsiya qilish bilan bog‘liq.
Iyul oyi boshida mahalliy nashrlar Tojikistondagi afg‘on muhojirlariga 15 kun ichida mamlakatni tark etish ultimatumi qo‘yilgani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng, Dushanbe, Vahdat va Rudakiy hududlarida hibs va deportatsiyalar to‘lqini boshlangan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olishlar ko‘pincha ularning ish joylarida sodir bo‘lmoqda va hibsga olinganlarning qarindoshlari ko‘pincha ularning taqdiri haqida hech qanday ma’lumot olmaydi.
Ommaviy axborot vositalarida afg‘on qochqinlarining Tojikistondan ommaviy ravishda chiqarib yuborilgani haqida bir necha bor xabar berilgan. Respublikadagi Afg‘on muhojirlari qo‘mitasi rahbari Musavvir Bahoduriy avvalroq rasmiylar deportatsiyalarni mamlakatdagi turmush qoidalariga rioya qilmaslik bilan oqlashini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, afg‘onlar “noto‘g‘ri soqol qo‘ygani, chet el kiyimini kiygani, nomunosib xatti-harakatlari, spirtli ichimliklar iste’mol qilgani, nizolarda qatnashgani, ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy bayonotlar bergani, diniy targ‘ibot olib borgani, hujjatsiz ishlagani, fuqarolarni haqorat qilgani” uchun chiqarib yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining migratsiya vazirligi 28-29 may kunlari “noma’lum sabablarga ko‘ra” 49 nafar afg‘on muhojiri Tojikistondan deportatsiya qilinganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi