Tojikiston ham elektron sigaretlarni taqiqlamoqchi
Olam
−
15 dekabr 818 2 daqiqa
Tojikistonda millat genofondini himoya qilish va elektron sigaretalardan foydalanish oqibatidagi salbiy ta’sirlarning oldini olish maqsadida elektron sigaretalardan (veyplardan) foydalanish, ularni ishlab chiqarish va muomalaga chiqarish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda Tojikiston parlamentining yuqori palatasi spikeri Rustam Imomali o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Rustam Imomali Tojikistonda elektron sigaretalardan (veyplardan) foydalanish, ularni ishlab chiqarish va muomalaga chiqarishni qonuniy taqiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlarni ishlab chiqishni topshirgan.
Qayd etilishicha, ushbu qaror millat genofondini va aholi salomatligini, eng avvalo o‘smirlar va yoshlarni himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
“Muhokama jarayonida elektron sigaretlardan (veyplardan) faol foydalanish nafas yo‘llari, yurak-qon tomir tizimi va o‘pkaning og‘ir kasalliklariga, jumladan onkologik xastaliklarga olib kelishi mumkinligi tibbiyot mutaxassislarining xulosalari bilan tasdiqlangani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Parlament yuqori palatasi raisi elektron sigaretalarning keng tarqalishini cheklash va fuqarolar salomatligi uchun xavflarni kamaytirish maqsadida qonunchilik choralarini imkon qadar tezroq qabul qilish zarurligini alohida urg‘ulagan.
Qo‘shni mamlakatlarda vaziyat qanday?
Markaziy Osiyodagi aksariyat davlatlar elektron sigaretlarga nisbatan allaqachon to‘liq taqiq joriy etgan.
Xususan, Qirg‘izistonda joriy yil 1 iyuldan boshlab nikotinli veyplarni ham o‘z ichiga olgan holda elektron sigaretalarni olib kirish, sotish va ishlatish to‘liq taqiqlangan. Qonunni buzgan jismoniy va yuridik shaxslarga katta miqdorda jarima belgilangan. O‘zbekistonda joriy yil 27 noyabrdan elektron sigaretalar (veyplar) va ular uchun suyuqliklar muomalasi to‘liq taqiqlangan. Bu xarid qilish, saqlash, tashish va import-eksportni ham qamrab oladi. Qoidabuzarliklar uchun katta jarimalar va ayrim holatlarda bir necha yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Qozog‘istonda 2024-2025 yillardan boshlab elektron sigaretalar, veyplar va ularga mo‘ljallangan suyuqliklarni sotish, tarqatish va import qilish taqiqlangan bo‘lib, ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Turkmanistonda esa elektron sigaretalar uzoq vaqtdan beri to‘liq taqiqlangan – bu mamlakatning juda qat’iy antinikotin siyosatining bir qismi hisoblanadi.
Live
Barchasi