Tojik elektri O‘zbekistonga qanchaga tushayotgani aytildi
Olam
−
26 avgust 2022
10495Tojikiston elektr energiyasining asosiy iste’molchisi Afg‘oniston bo‘lib, O‘zbekistonga ham nisbatan kichikroq hajmda yetkazib beriladi. Bu haqda “Asia Plus” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, imzolangan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston Tojikiston elektr energiyasining har kilovatt-soati uchun 2 sent, Afg‘oniston esa 4,67 sent to‘laydi.
O‘zbekiston uchun past tarif Tojikiston O‘zbekiston tabiiy gazini arzonlashtirilgan narxda olayotgani bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 may kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi. Qarorda 2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston bo‘ylab aholiga gaz va elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinishi va narx oshirilishi taklif qilindi.
Mazkur qaror loyihasi bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab elektr energiyasi bo‘yicha aholi uchun oyiga 250 kVt soatgacha "ijtimoiy norma" belgilanayotgan edi. Shuningdek, 1 kVt 325 so‘mga baholandi. Normadan oshiq iste’mol qilingan elektr energiyaning har 1 kVt soati uchun – 650 so‘m to‘lanishi aytildi.
Tabiiy gaz bo‘yicha o‘rnatiladigan tartib esa isitish mavsumini hisobga olib belgilanishi qayd etildi. Xususan, aholi uchun:
• 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m;
• isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘mni tashkil qilishi;
• suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m miqdorida belgilanayotgan edi.
Biroq joriy yilning 1 iyulidan boshlab elektr va gaz tariflariga o‘zgartirishlar kiritilmaydigan bo‘ldi. Yuridik shaxslar uchun 15 iyuldan energoresurslar uchun tariflar oshirilishi aytildi. Keyinchalik esa yuridik shaxslar uchun ham elektr va gaz narxini oshirish vaqtincha to‘xtatildi.
LiveBarchasi