Rasman! 15 iyuldan yuridik shaxslar uchun “svet” va gaz narxi oshiriladi
Jamiyat
−
01 iyul 2022
26783Joriy yilning 15 iyulidan O‘zbekistonda energoresurslar narxlari xonadonlar uchun o‘zgarmay qoladi, yuridik shaxslar uchun esa tariflar oshiriladi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022 yil 31 may kuni Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. 15 iyun kuni muhokama jarayonlari yakunlangan va qaror loyihasiga 1 100 dan ortiq taklif va e’tirozlar kelib tushgan.
Jumladan, eng ko‘p takliflardan biri qish mavsumida elektr energiyasiga (tabiiy gaz uchun o‘rnatilgani kabi) belgilangan ijtimoiy me’yor shakllantirish bo‘yicha kelib tushgan.
Bunda asosiy sabablar sifatida isitish mavsumida gazlashtirilmagan, gaz bosimi pasaygan va tabiiy gaz yetkazib berishda uzilishlar kuzatiladigan xonadonlarda, shuningdek, ayrim ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi talabga javob bermasligi sababli xonadonlarni isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ijtimoiy me’yorlar miqdorini oshirish bo‘yicha takliflar kelib tushgan.
Takliflarning aksariyatida ijtimoiy me’yor kiritilayotganligiga e’tiroz mavjud emasligi, biroq ijtimoiy me’yor miqdorini oshirish zarurligi bildirilgan.
Shuningdek, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi hovli uy-joylarda iste’molning turlicha bo‘lishi qaror loyihasida inobatga olinmaganligi bo‘yicha fikrlar keltirib o‘tilgan.
Qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, shuningdek, mazkur takliflarni inobatga olgan holda yoqilg‘i-energetika narxlarini o‘zgarishiga oid Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarori qabul qilingan.
Qaror loyihasi bilan 2022 yil 15 iyuldan boshlab:
Elektr energiyasi bo‘yicha:
• aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi narxi o‘zgarishsiz, ya’ni – 295 so‘m;
• 1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m.
Tabiiy gaz bo‘yicha:
• aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste’moli narxi o‘zgarishsiz, ya’ni – 380 so‘m;
• 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 150 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 100 so‘m.
Suyultirilgan gaz narxi esa aholi uchun o‘zgarishsiz, ya’ni – 1 120 so‘m miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish maqsadida joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlar ham mazkur qaror bilan belgilab berilmoqda.
Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan:
a) Elektr energiyasi bo‘yicha:
• Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun 850 so‘m etib belgilash;
• qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so‘m etib belgilash.
b) Tabiiy gaz bo‘yicha:
• issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 200 so‘m;
• Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 350 so‘m;
• avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 350 so‘m;
• qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 350 so‘m etib belgilash.
2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari kelgusi yillarda qayta ko‘rib chiqilishida inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib borilishi, 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanishi belgilangan.
Avvalroq, bugun, 1 iyulidan boshlab elektr va gaz tariflariga o‘zgartirishlar kiritilmasligi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi