Toshkentda chiqindi qutilari keskin ko‘paytiriladi
Jamiyat
−
04 iyul 1587 2 daqiqa
Toshkentdagi avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida sayyohlar uchun shahar marshrutlarini ko‘rsatuvchi, telefonga bepul va oson yuklab olinadigan xaritalari joriy etiladi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishi mutasaddilarga topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 million xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Ularning ko‘pchiligi tarixiy obidalar, istirohat bog‘lari, bozorlar, kafe-restoranlar va turistik mahallalarga piyoda borib, xotirjam sayr qilishni istaydi.
Buning uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, qulay marshrutlar va raqamli xaritalar zarurligi qayd etilgan. Mutasaddilarga avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida sayyohlar uchun shahar marshrutlarini ko‘rsatuvchi, telefonga bepul va oson yuklab olinadigan xaritalarni joriy etish topshirilgan.
Davlat rahbari Toshkent azaldan toza, ozoda va “yashil” shahar sifatida e’tirof etib kelinganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, ko‘chalar, xiyobonlar va parklardagi tozalik muhiti aholi va turistlar talabiga qay darajada mos ekani tanqidiy tahlil qilingan.
Bu masala oddiy ko‘rinsa-da, aslida, madaniyat va qadriyat ekani qayd etilgan. Mahalla raislari, nuroniylar va faollarga aholi bilan birga obodonchilik, daraxt ekish va ularni sug‘orish ishlariga bosh-qosh bo‘lish, yoshlarga “Tozalik ostonadan boshlanadi” degan qadriyatni singdirish zarurligi ta’kidlangan.
Shuningdek, poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun hojatxonalar yetishmasligi qayd etilgan. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15-20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Chiqindi qutilarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha ham choralar ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi kanalizatsiya bilan bog‘liq badbo‘y hid muammosini joriy yil 1 sentyabrgacha hal etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi