Toshkentlik ayol koronavirus aniqlangach, 3 kun o‘tib vafot etdi
Jamiyat
−
13 iyul 2020
16871O‘zbekistonda koronavirusga chalingan yana bir bemor vafot etdi. Bu mamlakatdagi 61-o‘lim holati bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Joriy yilning 10 iyul kuni Shayxontohur tumanida yashovchi 67 yoshli M.T. (ayol)da COVID-19 tasdiqlangan. Shu kuniyoq o‘tkir nafas yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli og‘ir bo‘lganligi uchun Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Shifoxonada unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.
Shuningdek, bemorda gipertoniya kasalligining 2-darajasi, arterial gipertenziya, qandli diabet, surunkali xoletsistit kabi hamroh kasalliklar bo‘lgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.
LiveBarchasi