Toshkentda “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” formatining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi
Jamiyat
−
02 avgust 2022
4515Toshkentda “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” muloqot formatining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etish uchun Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush, Transport va savdo vaziri Odil Karaismoilo‘g‘li, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov, Iqtisodiyot vaziri Mikoil Jabborov, Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyevdan iborat hay’at a’zolari O‘zbekistonga keldi.
O‘zbekistonning ikki turkiy mamlakat bilan muloqoti o‘tgan 5 yilda kengayib bormoqda. Ozarbayjon bilan tovar aylanmasi qariyb yetti baravar, Turkiya bilan esa ikki yarim baravarga ko‘paydi.
Biroq, Ozarbayjon va Turkiya bilan iqtisodiy hamkorlikning erishilgan yuqori suratlari hali-hamon mavjud aloqalar salohiyatiga to‘la javob bermaydi. Yig‘ilishda ushbu masalalar muhokama qilindi.
Mushtarak tarix, til va din birligiga bog‘liq uch turkiy davlat Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ilk so‘zni mezbon – O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov oldi. Nutq ingliz tilida bo‘ldi.
"O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya" muloqotining ta’sis etilishi xalqaro munosabatlar va global iqtisodiyotda ro‘y berayotgan tez o‘zgaruvchan va mavhum jarayonlarni hisobga olgan holda har qachongidan ham dolzarbdir”, deydi Norov so‘zi avvalida.
Uning ta’kidlashicha, uch mamlakat ham ko‘plab xalqaro masalalar bo‘yicha umumiy yondoshuvlarga ega, bir xil maqsad – Turkiy dunyoni barqaror va izchil rivojlantirish tarafdori.
“Shu munosabat bilan o‘z mintaqalarida etakchi rol o‘ynaydigan mamlakatlarimiz mintaqalararo hamkorlikning drayverlari bo‘lishlari mumkin”, deydi Norov.
U tarixdan turkiy xalqlar yashaydigan hududlar ming yillar davomida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida transport va savdo ko‘prigi bo‘lib xizmat qilganini urg‘uladi
“Shu sababli mamlakatlarimizning mintaqalararo transport yo‘laklarini rivojlantirishga intilishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston uchun Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining tranzit salohiyatidan foydalanish muhim ahamiyatga ega”, deydi Norov.
O‘zbekiston tashqi idorasi rahbari ayni chog‘da “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ustida faol ish olib borilayotgini, joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHT davlat rahbarlari sammitida tegishli uch tomonlama hujjat imzolanishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
"Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘l koridorini Trans-Kavkaz yo‘lagi bilan bog‘lash mamlakatlarimiz o‘rtasida yagona transport tarmog‘ini yaratadi va Xitoydan Yevropaga savdo geografiyasini kengaytiradi, deb hisoblaymiz. Shuning uchun O‘zbekiston Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlik yo‘lini ta’minlaydigan Zangezur koridorini tiklashdan manfaatdor”, deydi Tashqi ishlar vazifasini bajaruvchi Norov.
Yig‘ilishda Norovdan tashqari, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ham ingliz tilida nutq qildi. O‘zbekiston hay’atidan faqat Transport vaziri Ilhom Mahkamov o‘z nutqida o‘zbek tilida olib bordi. Turkiya hay’atidagi barcha a’zolar turk tilida nutq so‘zladi.
LiveBarchasi