Toshkentdagi yong‘inda FVV qutqaruvchisi halok bo‘ldi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish vaqtida poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi qutqaruvchisi Boburmirzo Pardayev halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 15 avgustga o‘tar kechasi soat 03:41 da “112” tizimi orqali Toshkent shahar FVBB navbatchilik qismiga Uchtepa tumani “Quyi Darxon” MFY hududida joylashgan uylardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Xabar olinishi bilan shahar FVBB va FVV Maxsus qutqaruv batalyoni qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan.  

Bildirilishicha, qutqaruvchilar yong‘inni bartaraf etish bilan bir qatorda, xonadonda bo‘lgan aholini zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilib, ularning hayotini saqlab qolgan. FVV Maxsus qutqaruv batalyoni otryad komandirining o‘rinbosari – guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev ham jasorat ko‘rsatib, insonlar hayotini qutqargan. Biroq yong‘inni bartaraf etish jarayonida kapitan qahramonlarcha halok bo‘lgan.

“U o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi sifatida inson hayoti va xavfsizligini o‘z jonidan ustun qo‘yib, so‘nggi nafasiga qadar xizmat burchiga sodiq qoldi. Uning jasorati va fidoyiligi hamkasblari, qutqaruvchilik kasbi va yurtimiz ahli xotirasida hamisha saqlanib qoladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhum qutqaruvchi kapitan Pardayev Boburmirzo Komiljon o‘g‘lining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Jasorat bilan o‘tgan umr — el xotirasida abadiydir”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida mast haydovchi YPX xodimini urib yuborgandi. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan serjant shifoxonada vafot etgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing