Toshkentda yana “skandal”: Xotin-qizlar qo‘mitasi tag‘in qovun tushirdi
Jamiyat
−
01 avgust 2019
17285Toshkent shahar IIB hamda Toshkent shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligidagi jinoyatga moyil ayollarning 23 ta toifasi tuzildi.
Qo‘shma qaror Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova 10 ta tumanda yig‘ilishlar o‘tkazgan. Yig‘ilishlarda 508 ta mahallalarning xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislari, mahalla raislari, tumandagi mas’ul tashkilot va korxona rahbarlari ishtirok etgan.
Unga ko‘ra, tuman hokimliklari huzurida “Tezkor shtab” hamda tuman IIB sohaviy xizmat xodimlari va Xotin-qizlar qo‘mitasining jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlovchi mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhlar faoliyati tashkil etiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, har bir mahallada mahalla mutaxassisi va profilaktika nozirlari tomonidan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni 23 ta toifa bo‘yicha kartotekalarni shakllantirish va shu kabi vazifalar belgilab olingan.
Qo‘mita quyidagi 23 ta toifani ishlab chiqdi:
1. Muqaddam sudlanganlar
2. Jinoyat sodir etganlar
3. Probatsiya hisobidagilar
4. Giyohvandlar
5. Spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar
6. Tajovuzkor ruhiy kasallar
7. Jinoyat sodir etishga moyillar
8. Uzoq muddatga chiqib ketganlar
9. Uzoq muddatdan qaytganlar
10. Ma’naviy ko‘makka muhtojlar
11. Farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchilar
12. Odob-axloq doirasida huquqbuzarlik sodir etganlar
13. Oila munosabatlari doirasida huquqbuzarlik sodir etganlar
14. IIB va ta’lim muassasalari hisobidagi qizlar
15. Suitsid sodir etgan xotin-qizlar
16. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar
17. Ishsiz xotin-qizlar
18. Kam ta’minlanganlar
19. Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi xotin-qizlar
20. Ro‘yxatsiz yashayotgan xotin-qizlar
21. Tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar.
22. Voyaga yetmagan qizlar (18 yoshgacha) va yosh qizlar (18-30 yoshlar)
23. Nogiron, ajrashgan, bolasini yolg‘iz katta qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar.
Ayni vaqtda mazkur ro‘yxat ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozarani keltirib chiqarmoqda. E’tiroz bildirayotganlar, o‘zini tahqirlangan deb baholayotganlar orasida nogiron, ajrashgan, bolasini yolg‘iz katta qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar, Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi xotin-qizlar, uzoq muddatga mamlakatdan chiqib ketganlar talaygina.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval, Bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaning bozorchi ayollarning ma’naviyatsizligi haqida aytganlari ancha vaqtgacha muhokamada bo‘lgandi.
LiveBarchasi