Toshkentdagi uch pog‘onali yo‘l o‘tkazgich qurilishi qanday ketyapti?
Jamiyat
−
11 fevral 2020
8539Toshkent shahrining eng katta chorrahalaridan biri bo‘lgan Ohangaron va Parkent hamda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi yangi transport yechimi qurilishi davom ettirilmoqda
Toshkentning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi kutilayotgan ushbu ob’ekt bitishini ko‘pchilik katta qiziqish bilan kutyapti. Qurilishi 2018 yilning may oyida boshlangan mazkur loyiha mamlakatdagi dastlabki uch pog‘onalik transport yechimi hisoblanadi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ axborot-tahliliy media markazi qurilishning borishi va tafsilotlarini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uning atrofida birorta ham svetoforlar bo‘lmaydi. Avtomobillar barcha yo‘nalishda to‘xtovsiz harakatni davom ettirishi tufayli tirbandliklarning oldi olinadi.
Ushbu transport yechimi “Ko‘prikqurilishloyiha” UK hamda “Boshtransloyiha” AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra Ohangaron va Parkent ko‘chalari umumiy uzunligi 502 metr bo‘lgan tunnel uslubidagi yo‘l o‘tkazgich bilan bog‘lanadi.
Tunnelning kengligi 26,7 metr, ko‘prik osti balandligi esa 5,5 metrni tashkil etadi. Loyihaning ikkinchi pog‘onasida 2 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etilishi bilan umumiy diametri 329, 2 metrli halqasimon yo‘l harakati tashkil etilmoqda. Uchinchi pog‘onasi esa Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi umumiy uzunligi 593 metr, kengligi 26 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichdir. Uning 411 metri estakada, 182 metri esa tayanch devorli qismdan iborat.
Mazkur ishlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi “Ko‘prikqurilish tresti” UK tomonidan olib borilmoqda. Bugungi kungacha bunyodkorlik yumushlarining 90 foizidan ortig‘i bajarildi.
Bugungi kunga kelib uchala pog‘onada ham beton yotqizish ishlari tugatilgan bo‘lib, yer osti va estakada yo‘nalishining ikki tomoniga piyodalar yo‘laklari qurildi va bordyurlar o‘rnatilib chiqildi. Ayni paytda loyihaning uchinchi pog‘onasidagi piyodalar yuradigan yo‘laklardagi beton to‘siqlarga ko‘rkam metall konstruksiyalari o‘rnatilib, asfalt bilan qoplanmoqda. Shuningdek, elektr energiyasi tarmoqlari ham tortilib, yoritish tizimi uskunalarini o‘rnatishga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborildi. Mazkur yo‘l o‘tkazgich bitgach, tirbandliklar oldi olinib, o‘tkazish imkoniyati soatiga 21 mingtaga yetadi.
Hozirda qurilishda 100 nafardan ortiq ishchi-xodimlar mehnat qilayotgan bo‘lib, 50 ga yaqin zamonaviy texnikalar jalb etilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, tez orada loyihadan o‘rin olgan barcha qurilish ishlari yakunlanib, uch pog‘onali transport yechimi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi