Qulagan ko‘prikka ishonsa bo‘ladimi? – Voqea joyidan maxsus

Intervyu

Xabaringiz bor, joriy yilning 12 avgust kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “Bobur” ko‘chasidan Islom Karimov nomidagi “Toshkent xalqaro aeroporti”ga olib boruvchi va “Sodiq Tolipov” ko‘chasiga chiqish va tushishga imkon beruvchi yangi qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich birdaniga qulab tushdi.

Holat aks etgan video esa kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Voqeani yoritish uchun kelgan jurnalistlarning kaltaklanishi ortidan jamoatchilik muhokamasi umuman boshqa tomonga og‘ib ketdi. Ammo QALAMPIR.UZ hech nimani oonlikcha unutmaydi va masalaning asl mohiyatiga qaytish uchun bugun, 15 avgust kuni voqea joyiga yetib bordi. Xo‘sh, mazkur yo‘l o‘tkazgich nega qulab tushdi? Javobgar kim, aybdor-chi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgich Toshkent shahar hokimiyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lgan.

“Sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea joriy yilning 12 avgust kuni taxminan ertalab soat 9:25 lar atrofida yuz berdi. Ob’ektimizning 6-7-prorad oralig‘ida uzunligi 42 metr, qalinligi 2 metr bo‘lgan temir-beton oraliq qurilmalarini – to‘sin o‘rnatish jarayonida, ehtiyotsizlik oqibatida qulab tushdi. Endigina montaj qilinayotgani uchun ular hali qotirilmagan edi. Montaj jarayonidan keyin to‘sinlar bir-biriga payvandlash, beton va temir bilan qotirish orqali yana mustahkamlanishi kerak edi. Shundan keyingina ular 100% mustahkam bo‘lar edi. Ammo ehtiyotsizlik oqibatida to‘sinlar to‘qnashib ketdi. Bu voqea hech qanday sifatsiz qurilish materiallarini ishlatish va shunga o‘xshash sabablar tufayli bu sodir bo‘lmadi. Bu ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda va tez kunda tegishli xulosalar chiqadi”, deydi “Ko‘prikqurilish” UK 67-qurilish otryadi bosh muhandisi Jahongir Nabiyev.

Hodisada hech kim jabrlanmadi, ammo holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, uch kishi xibsga olingan. 

“Hozirda korxonamizdan uch nafar mansabdor shaxsni gumonlanuvchi sifatida ushlab turishibdi. Ularning biri mening boshlig‘im, ikki nafari esa ish boshqaruvchilarim edi”, deydi bosh muhandis.

Afsuski, bu Toshkent shahar hokimiyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilayotgan birinchi ko‘ngilsiz holat emas. Bir-necha yil oldin “Turkiston” metrosi ustidagi yap-yanggi yo‘l birdaniga cho‘kib ketgan edi. Ammo loyiha amaliyotchisi  “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi mas’uli qurilish sifatli tarzda amalga oshirilayotganini aytmoqda.

“Har bir ishning o‘z mutaxassisi bor. “Ko‘prikqurilish” korxonasida ham malakali mutaxassislar ishlayapti va har bir inshootimizga to‘laqonli javob beramiz. Hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q. Bu qurilish uchta lobaratoriya tarafidan tekshirilib, nazorat qilib borilmoqda. Qurilish materiallari haqida gapirilganda esa, korxonamiz o‘zi ishlatayotgan har bir detalning sifatiga e’tibor berishi, sifat kafolati mavjud bo‘lgan mahsulotlardan foydalanishini ishonch bilan ayta olaman. Men bunga kafolat beraman”, deydi Nabiyev.

Mas’ulning gaplari qay darajada rost, ko‘prik qanchalik sifatli, biz buni faqat qurilish ishlari tugallanganidan keyin foydalanilgach, bila olamiz.

Shu yilning fevral oyida boshlangan qurilish ishlari esa 2024 yilda tugallanishi va dekabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Yarim qismi demontaj qilingan bo‘lsa-da, aeroportga eltadigan yo‘l o‘tkazgichda harakat to‘xtagani yo‘q.

Biz voqea joyiga aslida kechaning o‘zida yetib kelishimiz mumkin edi. Ammo ruxsat olish ishlari naq bir yarim kun vaqt oldi. Tezkorlikni ta’minlash istagida hududga yetib kelgan boshqa jurnalistlar esa qurilish hududida kaltaklandi. “Ko‘prikqurilish” UK 67-qurilish otryadi bosh muhandisi Jahongir Nabiyev kecha, 14 avgust kuni jurnalistlarning kaltaklanishi borasida ham savollarimizga javob berar ekan, agar ular maxsus kiyimlarda kelganida hech qanday muammo bo‘lmasligini bildirdi.

“Kecha sodir bo‘lgan voqea juda yomon holat. Qo‘l ostimda ishlaydigan ish boshqaruvchim juda og‘ir-bosiq, uncha-bunchaga jahli chiqavermaydigan odam edi. U hozir ishdan bo‘shatildi. Men uning ishini oqlamoqchi emasman, ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor: jurnalistlar hududga kirganida maxsus kiyimlar bilan talablarga rioya qilgan holda kirishsa, hech kim ularni haydamaydi, hech kim urolmaydi. Biz ham intervyu olish, videomaterial tayyorlashga ko‘maklashgan bo‘lar edik”, deydi u.

Biroq agar ham jurnalistlarni kaltaklaganlar ulardan maxsus kiyim talab qilgan bo‘lsa, unda nega o‘zlari qurilish ob’ektida maxsus kiyimlarsiz, xususan, bosh kiyimsiz yuribdi? Yoki xavfsizlik qoidalari faqat jurnalistlar uchun amal qiladimi? 

Mavzuga yana qaytamiz.


Maqola muallifi

Teglar

yo'l o'tkazgich Yagona buyurtmachi xizmati Toshkent xalqaro aeroporti Ko'prikqurilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made