Toshkentdagi TTJda sifatsiz olib borilayotgan qurilish to‘xtatildi
Jamiyat
−
18 Oktabr
4342Toshkent davlat agrar universitetining talabalar turarjoyi binosida qurilish ishlari sifatsiz olib borilayotgani sabab to‘xtatildi. Bu haqda viloyat hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilayotgan Toshkent davlat agrar universitetining talabalar turar joyi binosi 400 o‘ringa mo‘ljallangan. Inspeksiya xodimlarining bergan ko‘rsatma va ogohlantirishlariga qaramay, pudratchi tashkilot “New brand house” MCHJ sifatsiz hamda loyiha talablarini buzgan holda qurilish ishlarini davom ettirgan.
“Gipsakardon plitasini devorlarga yopishtirish jarayonida profillardan karkaz qilib o‘rnatilishi, o‘rniga gips bilan qotirilib, o‘rnatilgan”, deydi Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh inspektori Ismoil Hamidov.
Bundan tashqari, binoning ichki xonalariga kirish eshiklarining “peremichka”larini o‘rnatish va tom ishlari ham tasdiqlangan loyiha hujjatlariga zid tarzda amalga oshirilgan. Bu esa ob’ektda texnik nazoratchi va ichki nazoratchi ishlamaganidan dalolat beradi.
Bildirilishicha, inspeksiya xodimlari tomonidan qurilishda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan 14 marta qurilish mas’ullariga yozma ko‘rsatmalar berilgan. Ammo qurilish ishlari shu yo‘sinda davom ettirilgan. Shundan so‘ng, 3 marta jarima choralari qo‘llanilgan hamda bugungi kunda bino texnik tekshiruvdan qayta o‘tgunga qadar qurilish ishlari to‘xtatilgan.
“Keng qamrovli reyd tadbirlari Toshkent viloyatining har bir hududida davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan sifatsiz qurilish ob’ektlari buzib tashlangan edi.
LiveBarchasi