Toshkentdagi narkolaboratoriyadan 1 mln dollarlik sintetik giyohvandlik moddalari topildi

3-sahifa

image

Toshkent shahrining Mirobod tumanida sintetik giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Mirobod tumanida jinoyat qidiruv boshqarmasi – tezkor qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida ushlangan shaxs bir nechta manzilda joylashgan giyohvandlik moddalar laboratoriyasidan foydalanib, sintetik giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘lgan. Ana shunday manzillardan biri Yashnobod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida aniqlangan.

Shuningdek, fuqaroning Toshkent viloyatida joylashgan xonadoni ko‘zdan kechirilganida sintetik giyohvandlik vositalari, turli xil konteynerlar, qo‘lqoplar, tarozi, gazga qarshi niqoblar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Shu kuni birinchi laboratoriyadan 4,8 kilogramm, ikkinchi xonadondan qariyb 10 kilogramm, jami 14 kilogramm 795 gramm umumiy narxi taxminan 1 million dollarga teng sintetik giyohvandlik vositasi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Ashyoviy dalillar Toshkent shahar IIBB EKM tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan. Markaz xulosasiga ko‘ra, olingan moddalarning barchasi sintetik giyohvandlik moddalar ekani o‘z tasdig‘ini topgan.

Holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tanlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi 2 xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxslar aniqlangandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali piyoda ravishda kirib kelgan yo‘lovchilardan birining qo‘l sumkasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda uning ichida go‘yoki kir yuvish kukuni borligi aytilgan, aslida esa jami 33 kg og‘irlikdagi 11 dona qadoqda “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasiga o‘xshash modda yashirib qo‘yilgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahri narkolaboratoriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made