Toshkentdagi mehmonxonada rossiyalik jurnalist o‘lik holda topildi
3-sahifa
−
22 Oktabr
17438“Lenta” nashri va “Profil” jurnalida faoliyat yuritgan rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya Toshkent shahridagi mehmonxonalardan birida o‘lik holda topildi. Bu haqda “Baza” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, jurnalist O‘zbekistonga dam olish uchun kelgan. U hamrohi bilan “Karaman Palace” mehmonxonasiga joylashgan.
20 oktyabr kuni kechqurun Inessaga pochta jo‘natmasi kelgan. Mehmonxona xodimlari eshikni taqillatishsa ham hech kim javob bermagach, xonani ochishga qaror qilinadi. Eshik ochilib, xonaga kirilganda ichkarida ikkita jasad – Papernaya va uning do‘stining jonsiz tanasi topilgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, marhumlar ventilyatsiya tizimiga kirib qolgan gazdan zaharlangan. 20 oktyabrga o‘tar kechasi mehmonxonada basseyn tozalangan – chamasi, gaz quvurdan ko‘tarilib, Papernayaning xonasiga kirib qolgan.
Nashrning yozishicha, hodisa yuz berganidan so‘ng “Karaman Palace” mehmonxonasi muhrlangan, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 20 oktyabr kuni Mirobod tumanida joylashgan mehmonxonada Rossiya Federatsiyasi fuqarolari 1979 yilda tug‘ilgan Radchenko Maksim va 1977 yilda tug‘ilgan Papernaya Inessa Viktorovnalarning vafot etganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, ushbu mehmonxonadagi boshqa xonaning yuvinish xonasidan O‘zbekiston fuqarosi 1976 yilda tug‘ilgan U.X. ning vafot etganligi aniqlangan.
Dastlabki sud tibbiy tashxisiga ko‘ra, marhumlarning o‘limi noma’lum etiologiyali zaharlanishdan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.