Toshkentdagi maktabda o‘quvchilar asossiz tekshiruvlar bo‘layotganini aytib chiqdi
Jamiyat
−
23 Oktabr 2023
10355Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 160-maktabdagi bir guruh o‘qituvchilar tomonidan maktabda bir yildan buyon asossiz tekshiruvlar o‘tkazilayotgani haqida video murojaat tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Fuqaro F.A.Iskandarovaning Toshkent shahar prokuraturasiga murojaatidan so‘ng, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutaxassislari jalb etilgan holda Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
Jumladan, Yakkasaroy tuman prokuraturasining 2023 yil 21 sentyabrdagi “Qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida"gi taqdimnomasidan so‘ng, 160-maktab direktori Irina Kazakova egallab turgan vazifasidan ozod etilgan. Unga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
“Oxirgi yillarda maktabda ta’lim-tarbiya jarayonlari sifat ko‘rsatkichi keskin pasayib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim inspeksiyasining e’lon qilgan umumta’lim maktablari reytingida ham bu o‘z tasdig‘ini topgan. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, maktab reyting parametrlari bo‘yicha 160-maktab respublikamizdagi mavjud 10 130 ta umumta’lim maktablari orasida 8067-, shahardagi 318 ta maktab o‘rtasida 233- va tumandagi 15 ta maktab orasida 12-o‘ringa tushib ketganligi achinarlidir”, deyiladi munosabatda.
Unda qo‘shimcha qilinishicha, 160-maktab o‘quvchilari so‘nggi uch yilda birorta na respublika va na xalqaro fan olimpiadalarida sovrindor bo‘lmagan. Maktab o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik soni sezilarli darajada ko‘paygan.
Shuningdek, maktab direktori Irina Kazakova tomonidan o‘qituvchilar o‘rtasida tartib-intizomning o‘ta susaytirib yuborilgani, ta’lim muassasasida qonun va qonunosti hujjatlarini yuritishda jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, ijro intizomining qo‘pol ravishda buzganligi aniqlangan.
“Yakkasaroy tuman prokuraturasi bergan taqdimnoma O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi tomonidan o‘rganilgan va ularning xulosasiga ko‘ra, maktab direktori Irina Kazakova ishdan bo‘shatilgan”, deyiladi boshqarma xabarida.
LiveBarchasi