“Toshkentdagi IIV binosi “qo‘lga olindi” xabariga IIV munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 16 dekabr kuni Asiaterra.info saytida va Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Aziaterra.info sahifasida “Toshkentda IIV binosi “qo‘lga olindi” sarlavhali xabar chop etilgan edi. Mazkur xabarga Ichki ishlar vazirligi quyidagicha munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 15 dekabr kuni soat 14:00 larda 1957 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Yelena Urlayeva, 1958 yilda tug‘ilgan Midat Axmedyanov va 1971 yilda tug‘ilgan Venera Shakirova IIV Markaziy apparatining “Fuqarolar qabulxonasi” binosi oldida o‘z muammolarini namoyishkorona ko‘rsatish maqsadida 4 dona plakatni ko‘targan holda suratga tushgan.

Shundan so‘ng ushbu fuqarolar vazirlik “Fuqarolar qabulxonasi”ga taklif etilgan hamda ularning murojaatlari vazirlikning tegishli sohaviy xizmat rahbarlari va mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilingan.

Shuningdek, “Toshkentda IIV binosi “qo‘lga olindi” sarlavhali xabarda fuqaro Y.Urlayeva muqaddam Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlar boshqa ayol tomonidan o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yilgani haqidagi murojaati yuzasidan chora ko‘rilmayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 27 noyabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi navbatchilik qismiga «102» xizmat raqami orqali fuqaro Y.Urlayevaning fuqaro T.Po‘latovadan hujjatlarini qaytarib olib berish masalasida murojaati kelib tushgan. Ushbu murojaat tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, tuman bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-son IIB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan.

Surishtiruv ishlari davomida quyidagilar:

•  fuqaro Y.Urlayeva 2001 yildan Toshkent shahar Ruhiy asab kasalliklar dispanserida “Paranoid shizofreniyasi. Paranoid sindromi” tashxisi bilan hisobda turishi;
•  fuqaro Y.Urlayeva Toshkent shahar Mirobod tumanlararo Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi tomonidan 2006 yil 24 avgust kuni “ruhiy layoqatsiz” deb topilgani;
•  fuqaro Y.Urlayevaning onasi Vera Yevsigneyeva tomonidan 2016 yilda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Yalang‘och dahasi 103-uy 25-xonadonda ro‘yxatda turuvchi, 1951 yilda tug‘ilgan Tursunoy Po‘latovaga qizining huquqlarini himoya qilish uchun uning nomiga “ishonchli vakil” sifatida notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma berilgani;
•  Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining 2018 yil 23 martdagi №131-sonli qaroriga asosan, fuqaro T.Po‘latova fuqaro Y.Urlayevaga vasiy etib tayinlangani aniqlangan.
Yuqoridagilarga asosan, fuqaro Y.Urlayevaning murojaatida keltirilgan holatlarda jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi inobatga olinib, Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi (“Reabilitatsiya uchun asoslar”) 2-qismiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan va tegishli tartibda murojaat muallifiga javob xati yuborilgan.

“Bundan tashqari, xabarda keltirilgan IIV binosi qo‘riqlanishi borasidagi salbiy fikrlar haqiqatdan yiroq ekanligini ma’lum qilamiz”,  deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Facebook IIV

Baholaganlar

799

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing