Toshkentdagi elektr korxonasi oldida qarzdorlar to‘planishi bo‘yicha rasmiy izoh berildi

Jamiyat

image

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek elektr ta’minoti korxonasida elektr energiyasi uchun to‘lov maqsadida iste’molchilar to‘planganligi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Ularga ilova qilingan suratlarda odamlar yig‘ilib turgani va ijtimoiy masofaga umuman amal qilinmayotganini ko‘rish mumkin.

Holat bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” Aj holat bo‘yicha rasmiy axborot berdi. Unga ko‘ra, qarzdorlikning oshib ketmasligi uchun iste’molchilarni tarmoqdan uzish boshlangan.

“Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat, ya’ni karantin davrida xalqimizga yengillik yaratish maqsadida, elektr energiyasidan qarzdor (jismoniy) iste’molchilar tarmoqdan vaqtincha ajratilmasligi haqida xabar bergan edik.

So‘nggi kunlarda, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, karantin choralari yumshatilganligi bois foydalanilgan elektr energiyasidan vujudga kelgan qarzdorliklarni ortishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qarzdor iste’molchilar tarmoqdan ajratilmoqda. Shu munosabat bilan iste’molchilardan ishlatilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini so‘raymiz.

Shu o‘rinda foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni tuman elektr ta’minoti korxonalariga tashrif buyurmasdan mamlakatimizda mavjud barcha to‘lov tizimlari (U-Pay, Click, Payme, Paynet va boshqalar) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib ham amalga oshirishingiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishingiz orqali energotizimning barqaror va samarali ishlashi, energotizimda olib borilayotgan modernizatsiya va kuz qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini o‘z vaqtida bajarilishiga katta ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi.

Ayni vaqtda Mirzo Ulug‘bek elektr ta’minoti korxonasidagi vaziyat iste’molchilar o‘rtasida olib borilgan tushintirish ishlari natijasida to‘liq bartaraf etildi”, deyilgan xabarda.

P.S. Ammo bir narsani unutmaslik kerak, karantin choralari yumshatilib, iqtisodiy jonlanish boshlangani bilan odamlar ishlamasdan turib, maosh ololmaydi. Ya’ni, ish boshlangani bilan daromad ma’lum muddat ishlagandan keyin keladi. Yana bir masala odamlar olgan daromadi bilan kommunal to‘lovlarni to‘lasinmi yoki ro‘zg‘orining kamini to‘ldirsinmi? Muammoning bu tomoniga ham e’tibor qaratilsa, yomon bo‘lmasdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent elektr energiyasi

Baholaganlar

167

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing